04:41 Chorshanba 29 Yanvar 2025 (GMT+5)
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
  • Elektron hujjatlar
  • Elektron kutubxona
  • Masofaviy ta'lim
  • Hemis
  • Elektron pochta
Virtual qabulxona

KAMILOVA XALIDA XAFIZOVNA

O'quv ishlari bo'yicha prorektor

Tug'ilgan sanasi

18.10.1950 y.

Ilmiy darajasi

Texnika fanlari doktori, professor

Qachon, qaysi OTMni tamomlagan?

1972-y. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (TTYSI)

O'zi haqida ma'lumot

Kamilova Xolida Xafizovna 1950-yil 18-oktyabrda Toshkent viloyati Yangiyo'l shahrida tug'ilgan. 1972-y. Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat institutini tugatgan. 1972-1974-yy.   Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti “Tikuv buyumlari texnologiyasi” kafedrasi stajyor-tadqiqotchisi, 1974-1977 yy. Moskva yengil sanoat texnologiyasi instituti “Tikuv buyumlarini konstruksiyalash” kafedrasi aspiranti, 1977-1981 yy. Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti “Tikuv buyumlarini konstruksiyalash” kafedrasi katta o'qituvchisi, 1981-1995 yy. Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti “Tikuv buyumlarini konstruksiyalash” kafedrasi mudiri, 1995-2006 yy. Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Yengil sanoat texnologiyasi fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat yuritgan.  2006-yildan buyon Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti  oʻquv ishlari bo'yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Erishgan yutuqlari

Kamilova Xalida Xafizovna 2016-y. texnika fanlari doktori ilmiy darajasini hamda 2003-y. professor unvonini olishga muvaffaq boʻlgan. Uning rahbarligida 2 ta xorijiy va 3 ta respublika amaliy grantlari bajarilgan, 5 ta nomzodlik PhD dissertatsiyalari himoya qilingan. 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, 46 dan ortiq ixtiro, foydali model va sanoat namunalariga patent, 5 ta darslik, 11 ta oʻquv qoʻllanmalar, 5 ta monografiya, 60 dan ortiq uslubiy ishlar muallifi. 2022-yildan boshlab TTYSI huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash raisi hamda BuxMTI huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash raisi oʻrinbosari. 2018-yildan buyon Parij xalqaro moda akademiyasi vitse Prezidenti, «OSIYO RAMZI» Oʻzbekiston Respublikasi dizaynerlari va modelyerlari uyushmasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasining sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofoti sovrindori,  tikuv buyumlari texnologiyasi va dizayn sohasida taniqli olim.

X.X.Kamilovaning ilmiy va ijodiy ishlari asosiy yoʻnalishi - oʻzbek milliy anʼanaviy kiyimi asosida xalqimiz urf-odatlari, mentaliteti hamda mintaqa iqlim sharoitini eʼtiborga olgan holda ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh zamonaviy liboslarni yaratishdan iborat boʻlib, ushbu yoʻnalishda oʻziga xos Oʻzbek milliy libosi ilmiy va ijodiy maktabini shakllantirgan. X.X.Kamilova rahbarligida Respublikada zamonaviy va milliy kostyum dizayni   taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklari boʻyicha K.Behzod nomidagi MRDI, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti (TTYSI), BuxMTI hamda TerDUda kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, bu borada xorijiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Fransiyaning Parij xalqaro moda akademiyasi bilan TTYSIda qoʻshma fakultet tashkil etilgan.

X.X.Kamilova tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-iyundagi “«Oʻzbekyengilsanoat» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzurida dizayn markazi tashkil etish toʻgʻrisida” PQ-1554-son qarori asosida Oʻzbekyengilsanoat davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzurida Dizayn markazi tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-fevraldagi "Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining formali kiyim-boshlarini ishlab chiqish, standartlashtirish, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-2800-sonli qarori ijrosi doirasida Institut tarkibida “Forma kiyimlarini loyihalash ilmiy laboratoriyasi” tashkil etilib, ilmiy tadqiqot ishlari olib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.

2016-yil TTYSI qoshida Koreya hukumati granti boʻyicha “Oʻquv–tadqiqot toʻqimachilik texnoparkini” qurilishiga katta hissa qoʻshgan hamda uning tashabbusi va saʼyi harakati bilan innovatsion texnologiyalar va jihozlardan keng foydalanish imkoniyati yaratilgan.

X.X.Kamilova tomonidan Xitoy, Koreya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Fransiya, Italiya davlatlarida bir necha bor ilmiy-amaliy konferensiyalar va koʻrgazmalar uyushtirib kelingan.

X.X.Kamilova 2004-yildan buyon Davlat tadbirlarida bosh dizayner sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shuningdek, Qurolli kuchlar va Davlat organlari xodimlari uchun forma kiyim-bosh loyihalarini ishlab chiqishda rahbarlik qilgan va ishlab chiqarishga  tatbiq etilgan. 2022-yil  Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi loyihasi boʻyicha Fransiya Arab  dunyosi institutida oʻzbek milliy kostyumi koʻrgazmasida ishtirok etgan.

X.X.Kamilova Oʻzbekiston Respublikasining sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi ikkinchi darajali Davlat mukofoti sovrindori (2007-yil), “Mehnat Shuhrati” ordeni (2018- yil), Oʻzbekiston Respublikasi “Ofarin” jamgʻarmasining Respublika tanlovida “Yilning eng yaxshi dizayneri” nominatsiyasi gʻolibi (2001-yil), “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni, Oʻzbekiston badiiy Akademiyasining Oltin medali (2013- va 2015-yillar),   "O‘zbegim ayoli" Respublika milliy mukofoti va  "Mo‘tabar ayol"  koʻkrak nishoni (2020-yil) bilan taqdirlangan.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?