Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kasaba uyushmasi qo‘mitasi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti (keyingi o‘rinlarda “boshlang‘ich tashkilot” deb yuritiladi) kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan va institutda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi-xodimlar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, o‘zini o‘zi boshqaruvchi nodavlat notijorat jamoat tashkiloti hisoblanadi. Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining inson, uning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati eng yuksak qadriyat sifatida tan olingan, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonni farovon va munosib hayot uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligi mezonlarini ta’minlangan insonparvar demokratik huquqiy davlatni barpo etish borasidagi qoidalarni hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish.
Boshlang‘ich tashkilotning asosiy vazifasi xodimlarning kasbi, lavozimi, irqi, millati, jinsi, yoshi, diniy e’tiqodi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar har bir kasaba uyushmasi a’zosini mehnat qilish va mehnatga munosib haq to‘lanishi, mehnat sharoiti yaratilishi, dam olish, ishsizlikdan himoyalanishiga doir huquqlarini himoya qilishdir. Institut tashkil etilgandan beri boshlang‘ich tashkilotning raislari bo‘lib quyidagi professor-o‘qituvchi va xodimlar faoliyat olib bordilar: I.M. Dorman, P.A. Barinkov, A.A. Litvinenko, G.J. Jabborov, M.Ye. Myakishev, A.P. Petrov, R.I. Ismailov, G.I. Boldinskiy, N.F. Fozilov, N.U. Usmonov. 1978-1988 yillar M.M. Muqimov, 1988-1994 yillar Q.Q. Odilov va 1994-2010 yillar F.T. Maxkamovlar faoliyat olib bordi. 2010 yildan beri kasaba uyushma qo‘mitasini A.D. Xushbaqov boshqarib kelmoqda.
Har yili kasaba uyushma qo‘mitasi reja asosida kam ta’minlanganlar hamda betob xodimlarga moddiy yordamlar va kasaba uyushma faollariga mukofotlar berib kelmoqda. O‘ndan ortiq o‘qituvchi-xodim Respublikamizning nufuzli sanatoriyalarida dam olib, davolanib, sog‘liklarini tiklab qaytmoqda. Xodimlar farzandlariga Bolalar oromgohlariga imtiyozli yo‘llanmalar berilmoqda. Xodimlar orasida “Salomatlik” sport musobaqalari tashkil qilinib, g‘olib jamoalar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanmoqda. Har yili “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni va “8-mart – xotin-qizlar kuni” bayramlari munosabati bilan kasaba uyushma qo‘mitasi jamg‘armasi hisobidan xodimlar jamoaviy konsertlarga olib borilmoqda. Respublikamizning manzarali tog‘li hududlariga, ziyoratgoh shaharlarga dam olishlar, tashriflar tashkil qilinmoqda.
Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A. Xushbaqov