To‘qimachilik sanoati mamlakatimiz tarixining ajralmas qismi bo‘lib, o‘rta asrlardan buyon mohir hunarmand ajdodlarimiz tomonidan jahonda yagona va o‘ziga xos kashtachilik, zardo‘zlik, atlas va adras ishlab chiqarish maktablari yaratildi.
Lekin sobiq ittifoq tuzumi davrida O‘zbekiston ulkan paxta xomashyosi bazasiga aylantirilgach, to‘qimachilik sohasi islohotlar jarayonidan ancha ortda qolib ketdi. Natijada ushbu tarmoqda ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish murakkablashdi. Bundan tashqari, sanoat mahsulotlari sifati pastligi, xalqaro raqobatbardoshlikning yo‘qligi va eksport ko‘rsatkichlarining pastligidan zarar ko‘rdi.
Bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi to‘qimachilik tarmog‘ida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Natijada bugungi kunda ushbu tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shadigan, o‘z o‘rni va ulkan salohiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylandi. Jumladan, 2020 yilda O‘zbekiston xorijga 1,9 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qildi va bu mamlakat umumiy eksportining 15 foizini tashkil etdi. 2023 yilning to‘qqiz oyida esa mamlakatimiz jahonning 193 ta davlati bilan savdo aloqalarini o‘rnatib, savdo aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,1 foizga oshishiga erishildi. Bunday yutuqlar zamirida, eng avvalo, bozorni liberallashtirish, byurokratik to‘siqlarga barham berish, innovatsion va texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarning amaliy samarasi mujassamdir.
Ishonch, barqarorlik va sifat
Prezidentimizning 2019 yil 16 sentyabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha istiqbolini ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘ldi. Unga ko‘ra, tizimda bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini joriy etish, korxonalarni tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib–taomillarini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun soliq va ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va innovatsiyalarni qo‘llab–quvvatlash jamg‘armalarini shakllantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Buning natijasi sifatida Toshkentda bir yilda 10 million metr mato to‘qib chiqarish salohiyatiga ega “Uztex” nomli yangi kompleks ishga tushirildi.
Xitoyning “Huafu fashion” kompaniyasi tomonidan Urganch shahrida yiliga 30 ming tonnaga yaqin ip ishlab chiqaradigan yangi to‘qimachilik korxonasi qurilib, 100 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritildi.
Bugungi kunda yurtimizda qariyb 70 mingta sanoat korxonalari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, uning 11,5 mingtasi Toshkent shahri, 7,9 mingta tadbirkorlik sub’ekti Farg‘ona viloyati, 7,1 mingta korxona Toshkent viloyati hamda 6,2 mingtasi Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday yutuqlarga erishishda esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sohaga yangi texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni keng joriy etish muhim omil bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, texnik va texnologik yangilanishlar samarasi sifatida korxonalarda sharoitlar yaxshilandi, atrof–muhit ifloslanishining oldini olish borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ayni yo‘nalishda ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti olimlari teri xomashyolarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlarini, ilmiy ishlanmalarini va takliflarini amaliyotga keng joriy etishga muvaffaq bo‘lmoqdalar. Institut olimlari izlanishlari tufayli paxta terimidan so‘ng qolib ketadigan yoki yoqib yuboriladigan g‘o‘zapoyadan eko-charm ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani fikrimizning yorqin dalilidir.
Bu dunyo amaliyotida bajarilmagan bo‘lib, birinchi marotaba taklif etildi va charm sanoati uchun muhim yangilik sifatida e’tirof etildi. Mamlakatimizda bu kabi yangiliklarni doimiy ravishda amaliyotga joriy etib borish eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora–tadbirlar rejasi samaradorligini baholash O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida islohotlar muvaffaqiyatli kechganini ko‘rsatadi. Bu mazkur tarmoqning boshi berk ko‘chadan chiqishi hamda sezilarli yutuqlarga erishishi uchun imkoniyat yaratdi.
Zamonaviy mutaxassislar tayyorlash – ustuvor vazifa
Prezidentimizning soha rivoji va uning jahon bozoridagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan islohotlari bevosita kadrlar masalasi bilan ham bog‘liqdir. Tarmoqni rivojlantirishning keyingi istiqbollari innovatsiyalarni chuqurlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish, mahsulot turlarini kengaytirish va yangi bozorlarni izlashni taqozo etadi. Bu kelgusida to‘qimachilik va yengil sanoat yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning ilmiy-amaliy bilimlarga ega bo‘lishi kerakligini taqozo etadi.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Institut sohaning tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida to‘qimachilik va yengil sanoat uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Ayni jihatlarni inobatga olib, institut professor–o‘qituvchilari, talabalari sohaga yangi texnologiyalarni jalb etish, xomashyo bazasini kengaytirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan faol shug‘ullanib kelmoqda. Bu sohaning innovatsion rivojlanishi hamda jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Institutda 2021-2023 yillarda 2 ta amaliy loyiha, 1 ta xorijiy grant, 1 ta xalqaro hamkorlik qo‘shma loyihalari amalga oshirildi. O‘z navbatida 74 ta xo‘jalik shartnomalari asosida qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilinib, 74 ta ishlab chiqarish korxonalari bilan shartnomalar tuzildi.
Shuningdek, institut tomonidan 2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi bo‘yicha yaqin yillarda tashkil etiladigan ilmiy mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion akademik “Spin-off” korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.
Institutning ilmiy salohiyati va reytingini oshirish maqsadida 2021-2023 yillarda 66 nafar pedagog xodimlarimiz PhD va 17 nafari DSc ilmiy darajalarini himoya qildi. Shu bilan birga, 2021–2023 yillarda “Web of Science”, “Scopus” va “h-indyex” xalqaro ilmiy jurnallarda 1000 dan ortiq maqolalar nashr qilindi. Ixtirolar uchun 111 ta patentlar olinib, 85 ta monografiya chop etildi.
Ta’lim muassasasida to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu talabalarning nazariy bilim va amaliy tajriba almashishiga ko‘maklashmoqda. Bitiruvchilarning bilim sifatini yuksaltirish esa sanoatda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining 14-bandi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3-4-kurs talabalari uchun “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosi izchillik bilan ta’minlanmoqda. Shu asosda 3-4-kurs talabalari uchun 2023-2024-o‘quv yilidan tajriba–sinov tariqasida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini joriy qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, 805 nafar 3-kurs va 868 nafar 4-kurs talabalari korxonalarga biriktirilib, amaliy mashg‘ulotlarni korxonalarda olib boruvchi o‘qituvchilar biriktirildi.
Ikkinchidan, 3-4-kurs ta’lim yo‘nalishlaridagi talabalarning o‘quv rejalari, fanlarning o‘quv dasturlari hamda professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalari jarayonini dual ta’lim shaklida tashkil etish shakllantirildi hamda tasdiqlandi.
Uchinchidan, yangi ishlab chiqilgan dars jadvali asosida 23 oktyabrdan 4-kurs talabalari to‘liq 3 kun nazariy hamda 3 kun korxonalarda amaliy ta’lim tizimida o‘qishga o‘tishlari ta’minlandi. Uchinchi bosqich ta’lim yo‘nalishlarining tasdiqlangan o‘quv jarayoni jadvaliga ko‘ra, talabalar 6 noyabrdan 3 kun nazariy hamda 3 kun korxonalarda amaliy ta’lim tizimida o‘qishlari tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik rivoji yangi bosqichda
Ayni paytda institut xorijning nufuzli oliy o‘quv yurtlari va tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilib, to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar miqyosini oshirish va sohaning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilayotir.
O‘tgan qisqa davrda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bir nechta xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. Xususan, Xalqaro to‘qimachilik akademiyasi (Shveysariya), Xalqaro matbaa o‘quv yurtlari assotsiatsiyasi (Germaniya), Xalqaro ipak assotsiatsiyasi (Fransiya), “Ipak yo‘li” yuqori va yangi texnologiyalar assotsiatsiyasi va Jahon to‘qimachilik universitetlari alyansi (Xitoy) hamda To‘qimachilik universitetlari assotsiatsiyasi (Gretsiya) shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, institut xorijiy mamlakatlarning 20 dan ortiq turdosh o‘quv yurtlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatdi. Bularning orasida Buyuk Britaniya Markaziy Lankashir universiteti, Fransiyaning Parij xalqaro modalar akademiyasi, Italiyaning Yevropa dizayn universiteti, Turkiyaning Egey va Sakarya universitetlari, «GIZ» Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti, Xitoyning Donxua universiteti, Chanshu texnologiya instituti, Janubiy Koreyaning Jungbu universiteti, Janubiy Hindiston to‘qimachilik Assotsiatsiyasi, Belgiyaning Gent, Gretsiyaning G‘arbiy Attika universiteti, Rossiyaning A.N.Kosigin nomidagi universiteti, Pokiston, Bangladesh singari mamlakatlar vakillari bilan o‘zaro hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Ezgu tashabbuslar doirasida ilmiy sohadagi xorijiy hamkorlikda o‘quv laboratoriya bazasi so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlandi. Hamkorlik samarasi sifatida 2020 yil 15 million AQSH dollari miqdorida Koreya Respublikasi hukumatining granti asosida “KOR–UZ” o‘quv-amaliy to‘qimachilik Texnoparki tashkil etildi. Shu bilan birga, bir qator xorij kompaniyalari tomonidan institutda zamonaviy o‘quv markazlari hamda Jahon banki granti asosida laboratoriyalar tashkil etildi.
Xorijiy hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish natijasida oxirgi uch yilda ixtirolar uchun 18 ta xalqaro patent olindi. Scopus xalqaro bazasiga kiritilgan jurnallarda 100 dan ortiq maqolalar va 7 ta monografiyalar chop etildi. O‘zaro hamkorlikda 7 nafar PhD falsafa doktori va 2 nafar DSc fan doktorlari tayyorlashga erishildi.
Institutimiz O‘zbekiston to‘qimachilik va yengil sanoatini rivojlantirish, ta’lim berish, ilmiy-tadqiqot va tajriba–konstruktorlik ishlarini olib borish, sanoat korxonalari bilan faol hamkorlik qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda asosiy ishtirokchilardan biri hisoblanadi.
Shu bois to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli islohotlarning kelajagi yorqin. Quvonarlisi esa yangilanish va o‘zgarishlar qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish allaqachon o‘z samarasini bera boshlagani hech kimga sir emas.
Shuning uchun ham so‘nggi yillarda O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni va xalqaro imiji oshib bormoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsion g‘oyalar tufayli yurtimiz xorijiy sarmoyadorlari va hamkorlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda.