Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Registrator ofisi” toʻgʻrisida NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining (keyingi oʻrinlarda – institut deb yuritiladi) “Registrator ofisi” (keyingi oʻrinlarda – Ofis deb yuritiladi) talabani tizimda shakllantirish, oʻquv jarayoni va talabalarga xizmat koʻrsatish, akademik faoliyatni tashkil etish hamda taʼlim jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, tizimda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishini oldini olish va tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish, shuningdek, qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirish kabi vazifalarni amalga oshiruvchi institutning tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
2. Ofis oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Hayʼat qarorlari, buyruqlari, institut Nizomi, Kengashi qarorlari, institut rektori buyruqlari hamda mazkur Nizomga muvofiq olib boradi.
3. Ofis faoliyatiga institut rektori tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Ofis boshlig‘i rahbarlik qiladi. Ofis boshlig‘i o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorga bo‘ysinadi hamda fakultet, kafedra, oʻquv-uslubiy boshqarma va boshqa taʼlim tuzilmalari bilan hamkorlikda ishlaydi.
4. Institut Kengashi tomonidan tasdiqlangan nizom “Registrator ofisi” faoliyatida asosiy hujjat hisoblanadi.
5. Institut ko‘rsatiladigan xizmatlarning qancha muddatda bajarilishini belgilashi kerak.
II. “Registrator ofisi”ning lavozimlar kesimidagi tarkibiy tuzilmalari hamda xodimlar tarkibi
6. “Registrator ofisi”ning asosiy tarkibiy tuzilmasi quyidagilar hisoblanadi:
Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimi;
Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlimi.
Bunda, institut tomonidan jamoatchilik asosida yuqoridagi bo‘limlar tarkibida sektorlar tashkil etilishi mumkin.
“Registrator ofisi” xodimlari belgilangan tartibda institut rektorining buyrugʻi bilan tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.
Xodimlarga yuklatilgan ish majburiyatlari lavozim yoʻriqnomasi bilan belgilanadi.
7. “Registrator ofisi” xodimlari tarkibi:
“Registrator ofisi” boshlig‘i;
Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimi boshligʻi;
Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlimi boshligʻi;
Menejerlar.
Menejer lavozimiga ishlab chiqilgan meʼyorlar asosida shtatlar belgilanadi.
III. “Registrator ofisi” xodimlarining asosiy vazifalari
8. “Registrator ofisi” boshlig‘ining lavozim vazifalari:
institutning talabalar faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish sohasidagi missiyasi hamda asosiy strategik yo‘nalishlarini yuqori darajadagi ishonchlilik, samaradorlik va mas’uliyat bilan amalga oshirish;
Ofis xodimlarining ishini tashkil qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri ularni boshqarish;
Ofis xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini ishlab chiqish;
talabalarga koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini doimiy nazorat qilish;
Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va institut tomonidan oʻrnatilgan talablar asosida oʻquv jarayonini tizim orqali toʻgʻri tashkil etilishini hamda professor-oʻqituvchilar, xodimlar va talabalarning bu jarayondagi faoliyatini muvofiqlashtirishda ishtirok etish;
Ofis tomonidan yoʻlga qoʻyiladigan xizmat turlarini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Ofisning yaqin va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish;
Xizmat koʻrsatish (front office) va Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlim boshligʻi va menejerlarning mehnat faoliyatini tahlil qilish, baholash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha rahbariyatga takliflar kiritib borish.
“Registrator ofisi” boshlig‘i lavozimiga magistr yoxud klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki mutaxassislik dasturlari bo‘yicha olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega (ilmiy darajali yoki ilmiy unvonga ega shaxslarga ustuvorlik beriladi), ECTS (European Credit Transfer System) kredit-modul tizimini biladigan (xorijiy tillarni biladigan yoxud xorijiy institutni tamomlagan yoki tajriba oshirganlarga ustunlik beriladi), kamida 3 yil oliy taʼlim boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimida ishlagan yoki institutda ish staji kamida 5 yil boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
9. Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlim boshligʻining lavozim vazifalari:
Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimida ofis xodimlarining ishini tashkil qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri ularni boshqarishda ofis boshlig‘iga koʻmaklashish;
Ofis boshlig‘i ish joyida boʻlmaganida (mehnat ta’tili, xizmat safari va boshqalar) uning lavozim vazifalarini vaqtinchalik bajarish;
Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimidagi sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
talabalar uchun oʻquv jarayoniga tegishli boʻlgan xizmat turlarini tizim orqali tashkil qilish;
talabalarga oʻquv jarayonining tashkil etilishi, oʻquv jarayoniga tegishli maʼlumotlar, talabalarning elektron platformalardan samarali foydalanishiga koʻmaklashish;
talabalarga ilmiy va innovatsion faoliyat boʻyicha xizmat koʻrsatishni tashkil qilish;
Ofis tomonidan xalqaro aloqalar va akademik mobillik boʻyicha xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
Ofis tomonidan marketing hamda buxgalteriya xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
professor-oʻqituvchilar va talabalarga tizimga oid tegishli maslahatlar berish;
oʻquv dasturlaridagi farqlarni bartaraf etish maqsadida qayta oʻqishni tashkil qilish;
“HEMIS”, “Moodle”, “LMS” taʼlim platformalari va idoralararo yagona elektron hujjat aylanish “ijro.gov.uz” tizimidan foydalanish va ijrosini taʼminlash;
oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga asosan institutning elektron taʼlim platformasi orqali talabalar harakatini tashkil qilish (oʻqishini koʻchirish, akademik taʼtilga chiqarish va qaytarish, oʻqishini tiklash).
Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimi boshligʻi lavozimiga oliy ma’lumotli (magistr yoxud klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki mutaxassislik dasturlari bo‘yicha olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega shaxslarga ustuvorlik beriladi), ECTS (European Credit Transfer System) kredit-modul tizimini biladigan (xorijiy tillarni biladigan yoxud xorijiy institutni tamomlagan yoki tajriba oshirganlarga ustunlik beriladi), kamida 2 yil oliy taʼlim boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimida ishlagan yoki institutda ish staji kamida 3 yil boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
10. Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlim boshligʻining lavozim vazifalari:
Ofis xodimlarining ishini tashkil qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri ularni boshqarishda ofis boshlig‘iga koʻmaklashish;
Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlimidagi sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
talabalarga tegishli boʻlgan statistik maʼlumotlarni yuritish hamda “HEMIS” axborot tizimiga toʻgʻri kiritilishini nazorat qilish;
talabalar hujjatlarini yuritish va saqlash jarayonini muvofiqlashtirish:
“HEMIS”, “Moodle”, “LMS” taʼlim platformalari va idoralararo yagona elektron hujjat aylanish “ijro.gov.uz” tizimidan foydalanish va ijrosini taʼminlash;
Ofisda amalga oshirilgan ishlarning holatini, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlaridagi oʻquv jarayonining tashkil etilishi holatini tizim orqali baholab borish;
oʻquv jarayoni grafigiga asosan elektron taʼlim platformasida oʻquv ishlari prorektori (filial direktori oʻrinbosari) tomonidan tasdiqlangan yakuniy nazoratlar jadvali asosida oʻz vaqtida oʻtkazilishini tizim orqali nazorat qilish;
oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga asosan institutning elektron taʼlim platformasi orqali talabalar harakatini umumlashtirish va tahlil qilish (oʻqishini koʻchirish, akademik taʼtilga chiqarish va qaytarish, oʻqishini tiklash);
Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va institut tomonidan oʻrnatilgan talablar asosida oʻquv jarayonini tizim orqali toʻgʻri tashkil etilishini hamda professor-oʻqituvchilar, xodimlar va talabalarning bu jarayondagi faoliyatini muvofiqlashtirishda ishtirok etish.
Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlim boshligʻi lavozimiga oliy ma’lumotli (magistr yoxud klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki mutaxassislik dasturlari bo‘yicha olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega shaxslarga ustuvorlik beriladi), ECTS (European Credit Transfer System) kredit-modul tizimini biladigan (xorijiy tillarni biladigan yoxud xorijiy oliy taʼlim muassasasini tamomlagan yoki tajriba oshirganlarga ustunlik beriladi), kamida 2 yil oliy taʼlim boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimida ishlagan yoki oliy taʼlim tashkilotida ish staji 3 yil boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
11. Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimi menejerlarining vazifalari:
12. Talabalarga xizmat koʻrsatish sektori bo‘yicha:
dars jadvallari haqida maʼlumot taqdim etish;
qayta oʻqish uchun fan guruhlariga ariza yuborishga yordam berish;
joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar toʻgʻrisida talabalarga maʼlumot taqdim etish;
sirtqi va masofaviy taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalar uchun chaqiruv qogʻozini shakllantirish;
akademik maʼlumotnoma va transkript berish;
imtihonlar roʻyxatini taqdim etish;
oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun ariza yuborishga yordam berish;
oliy taʼlim tashkilotlariga ikkinchi taʼlimga kirish uchun onlayn ariza topshirishga yordam berish;
oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga kirish uchun onlayn ariza topshirishga yordam berish;
talaba guvohnomasi hamda turar joyi guvohnomasini yaratish va taqdim etish;
talabaga oʻzining GPA koʻrsatkichi haqida maʼlumotnoma taqdim etish;
talabalarning “HEMIS” axborot tizimidagi parolini tiklash;
talabalarga tibbiy sugʻurta olish uchun yordam berish;
oʻqishga qabul va oʻqishni koʻchirish yuzasidan konsultatsiya berish;
oliy taʼlim tashkilotida mavjud turli xizmatlar va resurslar haqida maʼlumot berish;
talabalar turar joyiga koʻchib oʻtganlarni vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish uchun hujjatlarni tayyorlash.
13. Ilmiy va innovatsion faoliyat boʻyicha xizmat koʻrsatish sektori bo‘yicha:
grantlar va tanlovlar haqida maʼlumot berish;
ilmiy konferensiyalar haqida maʼlumot berish;
innovatsion gʻoya va startaplarni roʻyxatdan oʻtkazishga yordam berish;
talabalarga nomdor stipendiyalar haqida maʼlumot berish hamda ariza berishda koʻmaklashish;
ilmiy loyihalar toʻgʻrisida konsultatsiya berish;
“Ustoz-shogird maktabi”ga aʼzo boʻlishga yordam berish;
oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tashkil etilayotgan ilmiy konferensiya, seminar va boshqa ilmiy-innovatsion tadbirlarni talabalar orasida ommalashtirish;
talabalarga ilmiy toʻgaraklar haqida maʼlumot berish hamda amaliy yordam koʻrsatish.
14. Xalqaro aloqalar va akademik mobillik boʻyicha xizmat koʻrsatish sektori bo‘yicha:
oʻqish joyidan ingliz tilida maʼlumotnoma berish;
turli xalqaro grantlar va akademik mobillik dasturlari (mahalliy va xorijiy institutlar bilan) boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etish;
oʻqishga qabul qilingan xorijlik talabalarni elektron tizimda roʻyxatga olish va fanlarga biriktirish;
xorijiy oliygohlarda tahsil olishda konsultatsiya berish;
xorijlik talabalar uchun viza xizmatlarini amalga oshirish;
xorijlik talabalarga toʻlov-shartnomalarini taqdim etish;
xorijlik talabalarni Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish xizmatlarini amalga oshirish;
xorijlik talabalarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha konsultatsiya berish, ariza va talab etiladigan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun qabul qilish;
xorijlik talabalarga oliy taʼlim tashkilotidagi oʻquv jarayonlari haqida maʼlumot berish;
qoʻshma ta’lim dasturlari haqida ma’lumot berish va talabalar orasida targʻibot qilish;
xorijda oʻqish uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiya tanlovi va xorijiy e’lonlar haqida ma’lumot berish;
xalqaro reytinglar (QS, THE, Green Metric)da oʻrin egallagan oliy ta’lim muassasalari toʻgʻrisida talabalarga ma’lumot berish;
xalqaro forumlarda imzolangan bitimlar va bayonlar haqida talabalarga ma’lumot berish;
xorijiy tillarni oʻrganish kurslari haqida ma’lumot berish.
15. Buxgalteriya va marketing boʻyicha xizmat koʻrsatish sektori bo‘yicha:
ishga joylashgan bitiruvchilar haqida maʼlumotlarni olish va kiritish;
toʻlov-shartnoma summasini aniqlash, hisoblash va taqdim etish, shuningdek, toʻlov-shartnomasi olish uchun ariza berishga koʻmaklashish;
talabalar o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va boshqa hollar uchun stipendiya tayinlash boʻyicha (dekanat yoki o‘quv uslubiy boshqarma tomonidan taqdim etilgan) bildirgi asosida hemis platformasidagi natijalarga ko‘ra stipendiya buyrug‘ini tayyorlash;
akademik qarzdor talabalar uchun qayta oʻzlashtirish bo‘yicha toʻlov miqdorlarini aniqlash va tasdiqlash, qayta oʻqishga shartnoma olish uchun ariza berishga koʻmaklashish;
ijara subsidiyasi uchun ariza yozishga koʻmaklashish;
talabalarning yotoqxonalarga joylashishi uchun ariza berishga koʻmaklashish;
talabalarga ishga joylashish borasida tavsiyalar berish;
potensial ish beruvchilar roʻyxatini shakllantirish va talabalarga yetkazish.
bitiruvchilarni ishga taqsimlash va joylashishiga oid barcha zaruriy hujjatlar (ishga yuborilganlik toʻgʻrisida yoʻllanma, taqsimot komissiyasi qarori, shaxsiy taqsimot qaydnomasi) tayyorlash, rasmiylashtirish va bitiruvchilarga yetkazish.
Xizmat koʻrsatish (front office) boʻlimi menejeri lavozimiga oliy maʼlumotli, ECTS kredit-modul tizimini biladigan, (xorijiy tillarni biladigan, xorijiy oliy taʼlim muassasasini tamomlagan yoki tajriba oshirgan, shuningdek, magistr akademik darajasi, ilmiy daraja va unvonga ega boʻlganlarga ustunlik beriladi) va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana oladigan hamda oliy taʼlim tashkilotida ish staji kamida 1 yil boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
16. Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlimi menejerlarining vazifalari:
17. Statistik maʼlumotlarni yuritish sektori bo‘ycha:
talabalar, resurslar, shartnomalar, mashgʻulotlar va talabalarning oʻzlashtirishi haqidagi turli xil statistik maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish;
talabalarning kursdan kursga qolishi, talabalar safidan chetlashtirilishi va akademik taʼtilga chiqishi boʻyicha statistik maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish;
oʻqishni koʻchirish va tiklashga tavsiya etilgan talabalarga oid statistik maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish;
topshiriq va murojaatlarga asosan oliy taʼlim tashkiloti faoliyatiga doir statistik maʼlumotlarni taqdim etishga tayyorlash;
oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan Statistika agentligiga taqdim etiladigan hisobot shakllarini yuritish;
bitiruvchilar toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar bankini shakllantirish;
bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda ishga joylashganligi bo‘yicha olib borilgan monitoring yuzasidan maʼlumotlarni olish, umumlashtirish va tahlil qilish;
“HEMIS” axborot tizimiga kiritilayotgan statistik maʼlumotlarning toʻgʻriligini tahlil qilib borish.
Statistik maʼlumotlarni yuritish sektori menejerlariga kerakli ma’lumotlarni yigʻish, umumlashtirish va qayta ishlash uchun so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishda institut tuzilmasidagi boshqa boʻlinmalarning xodimlari yordam berishlari va hamkorlikda ishlashlari lozim.
18. Oʻquv jarayonini muvofiqlashtirish sektori bo‘yicha:
akademik guruhlarni shakllantirish;
talabalarga qayta oʻqishni tashkil qilish (fan guruhlari, dars jadvali va nazorat jadvallarini yaratish, arizalarni koʻrib chiqish);
talabalarni tegishli fanlarga biriktirish;
talabalarni tizimga kiritish va tegishli guruhlarga biriktirish;
tyutorga tegishli guruhlarni biriktirish;
oʻquv rejada mavjud fanlarni semestrlarga biriktirish;
qabul qilingan talabalarni elektron tizimda roʻyxatga olish va fanlarga biriktirish;
talabalar harakati (talabalar safidan chetlashtirish, kursda qoldirish, oʻqishini koʻchirish, akademik taʼtilga chiqarish va qaytarish, oʻqishini tiklash)ni muvofiqlashtirish va rasmiylashtirish;
talabalarni kursdan kursga oʻtkazish;
talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichini umumlashtirish va tahlil qilish;
talabalarning maʼlumot bazalarini shakllantirish va yangilab borish;
oʻqishni bitirgan talabalarni tegishli tartibda rasmiylashtirish;
“HEMIS” tizimi orqali talabalar davomatini nazorat qilish, kunlik davomat hisobotini olish va fanlar boʻyicha davomatni monitoring qilish;
dars jadvallarini hamda joriy, oraliq va yakuniy nazorat grafiklarini “HEMIS” axborot tizimida shakllantirish.
19. Talabalar hujjatlarini yuritish va saqlash sektori bo‘yicha:
oliy taʼlim tashkilotini tugatgan talabalar hujjatlarini toʻplab yigʻma jildga tikish, roʻyxatga olish va arxivga qadar saqlash;
familiyasi oʻzgargan, akademik taʼtilga chiqqan, yoʻnalishni va fakultetni oʻzgartirgan, kursda qoldirilgan, talabalar safidan chiqarilgan talabalarning buyruqlaridan koʻchirmalarni talabalar bazasiga joylashtirish;
oʻqishni boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirish munosabati bilan talabalar safidan chetlatilgan talabalarni hamma kerakli hujjatlarini talabaga yetkazish;
qatʼiy hisobdagi hujjatlar shakllarini (diplom, diplomga ilova, akademik sertifikatlar va boshqalar) taqdim etish;
qatʼiy hisobdagi blankalarini (diplom blankalari, akademik guvohnomalar, diplom ilovasi va boshqalar) qabul qilish, saqlash va berishni tashkil etish;
akademik qarzdor talabalarni aniqlash;
bitiruvchilarga berilgan diplomlarning haqiqiyligini tasdiqlash maqsadida doimiy ravishda https://ott.mehnat.uz va http://d-arxiv.edu.uz platformalari orqali tashkilot va muassasalar bilan yozishmalarni amalga oshirish, yoʻqotilgan diplom va ilovalar oʻrniga dublikat berish toʻgʻrisidagi murojaatlarga javob qaytarish.
Maʼlumotlar bazasi (back office) boʻlimi menejeri lavozimiga oliy maʼlumotli, ECTS kredit-modul tizimini biladigan, (xorijiy tillarni biladigan, xorijiy oliy taʼlim muassasasini tamomlagan yoki tajriba oshirgan, shuningdek, magistr akademik darajasi, ilmiy daraja va unvonga ega boʻlganlarga ustunlik beriladi) va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana oladigan hamda oliy taʼlim tashkilotida ish staji kamida 1 yil boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
IV. Registrator ofisi tomonidan taqdim etiladigan xizmat turlari
20. Akademik (oʻquv) faoliyati boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar:
QR kodli diplom shakllantirish;
akademik maʼlumotnoma va transkript berish;
akademik mobillik asosida boshqa oliy taʼlim tashkilotiga ketgan talabalarning hujjatlarini tegishli tartibda rasmiylashtirish;
bitiruvchi talabalar uchun aylanma varaqa yaratish;
diplom dublikatini olish uchun ariza yuborishga koʻmaklashish;
imtihon natijalari boʻyicha apellyatsiya arizalarini qabul qilishni tashkil qilish;
imtihonlar roʻyxatini shakllantirish va talabaga taqdim etish;
oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun ariza yuborishga koʻmaklashish;
oliy taʼlim tashkilotlariga ikkinchi taʼlimga kirish uchun abituriyentlarga onlayn ariza topshirishiga koʻmaklashish;
oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura bosqichiga kirish uchun abituriyentlarga onlayn ariza topshirishiga koʻmaklashish;
oliy taʼlim olganlik haqidagi diplom maʼlumotlarini qoʻshish yoki tahrirlash uchun talabgorlarga ariza yuborishga koʻmaklashish;
stipendiya va turli grant tanlovlarida ishtirok etish uchun ariza qabul qilish;
talabaga oʻzining GPA koʻrsatkichi haqida maʼlumotnoma taqdim etish;
talabalar davomatini amaldagi tartibga asosan sababli va sababsiz holatga oʻtkazish;
talaba uzrli sabablarga ko‘ra (kasal, yaqin qarindoshining betobligi yoki vafoti, tug‘ruq holati kabilar) oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turiga kirmagan talabalar uchun tegishli fanlardan shaxsiy grafik yaratish;
talabalar hujjatlarini qabul qilish va arxivga topshirish;
talabalarga imtihon natijalarini taqdim etish;
talabalarga qayta oʻqish uchun ariza berishga koʻmaklashish;
talabalarga turli xil maʼlumotnoma (oʻqish joyidan, harbiy boʻlimdan v.b.)lar berish;
talabalarga oʻquv varaqa taqdim etish;
talabalarga fan resurslari boʻyicha maʼlumot taqdim etish;
talabalarni HEMIS platformasida keyingi kursga oʻtkazish;
talabalarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari haqida maʼlumot taqdim etish;
talabalarning joriy, oraliq va davomat natijalariga koʻra yakuniy nazoratlarda ishtirok etishiga ruxsat berish;
talabalarning parolini tiklash;
talabalarning tyutorlar tomonidan to‘g‘ri to‘ldirilgan shaxsiy hamda oʻquv maʼlumotlarini tahrirlash;
talabalik guvohnomasini tayyorlash va talabalarga taqdim etish;
talabani bir guruhdan ikkinchi guruhga koʻchirib oʻtkazish;
tashqi xizmatlar: Ijtimoiy himoya reyestri va ayollar daftarida turuvchi talabalar yagona reestri bazasidan sinxronizatsiya qilib roʻyxat shakllantirish;
oʻqishini koʻchirishga tavsiya etilgan, o‘qishga tiklangan yoki kursda qolgan talabalarning o‘quv rejalaridagi fanlar farqini aniqlash;
oʻquv dasturlari haqida maʼlumot berish.
21. Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar:
talabalarga yotoqxonalarga joylashish uchun ariza berishga koʻmaklashish;
ijara subsidiyasi uchun ariza yozishga koʻmaklashish.
22. Xalqaro aloqalar faoliyati boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar:
talabalarga oʻqish joyidan ingliz tilida maʼlumotnoma berish;
turli xalqaro grantlar va akademik mobillik dasturlari boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etish;
oʻqishga qabul qilingan xorijlik talabalarni elektron tizimda roʻyxatga olish va fanlarga biriktirish;
xorijiy oliygohlarda tahsil olishda konsultatsiya berish;
xorijlik talabalar uchun viza xizmatlarini amalga oshirish;
xorijlik talabalarga toʻlov-shartnomalarini taqdim etish;
xorijlik talabalarni Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish xizmatlarini amalga oshirish;
xorijlik talabalarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha konsultatsiya berish, ariza va talab etiladigan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun qabul qilish;
23. Buxgalteriya va marketing boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar:
qayta oʻqishga shartnoma berish;
stipendiya toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish;
hisob varagʻini shakllantirib berish;
talabalarga toʻlov-shartnomasi olish uchun ariza berishga koʻmaklashish;
talabaning yotoqxonalarga joylashish shartnomasi boʻyicha qarzdorligi va haqdorligi haqida maʼlumot berish;
talabaning qayta oʻqish shartnomasi boʻyicha qarzdorligi va haqdorligi haqida maʼlumot berish;
talabaning toʻlov-shartnomasi boʻyicha qarzdorligi va haqdorligi haqida maʼlumot berish;
toʻlov-shartnoma summasi haqida maʼlumot berish;
bitiruvchi talabalarga boʻlgʻusi ish oʻrni toʻgʻrisida kengroq axborotlar berish, mehnat yarmarkalarni oʻtkazishga koʻmaklashish.
24. Ilmiy faoliyat boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar:
grantlar va tanlovlar haqida maʼlumot berish;
ilmiy konferensiyalar haqida maʼlumot berish;
innovatsion gʻoya va startaplarni roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish;
nomdor stipendiyalar haqida maʼlumot berish;
ilmiy loyihalar toʻgʻrisida konsultatsiya berish;
ustoz-shogird maktabiga aʼzo boʻlishga koʻmaklashish.
25. Koʻrsatilishi zarur boʻlgan boshqa qoʻshimcha xizmatlar:
talabalarga tibbiy sugʻurta olish uchun yordam berish;
oʻqishga qabul va oʻqishni koʻchirish yuzasidan konsultatsiya berish;
talabalarga ishga joylashish borasida tavsiyalar berish;
talabalarga institutda mavjud turli xizmatlar va resurslar haqida maʼlumot berish.
V. “Registrator ofisi”ning huquqlari va majburiyatlari
26. “Registrator ofisi” oʻz funksiyalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va fanlar dasturlari yangilanayotganda ushbu meʼyoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish;
har oʻquv yilida kafedralar va o‘quv-uslubiy boshqarmaga ishchi oʻquv rejalari hamda fanlarning oʻquv va ishchi oʻquv dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;
fakultetlar va kafedralardan ishchi oʻquv rejalari, fanlarning ishchi dasturlari, professor-oʻqituvchilarning shaxsiy ish rejalarini so‘rab olish;
tayyorlanayotgan meʼyoriy va boshqa hujjatlar boʻyicha kafedralardan ushbu hujjatlar loyihalariga takliflar va tavsiyalar so‘rab olish;
kafedralarda tayyorlanayotgan darslik va oʻquv qoʻllanmalari hamda boshqa turdagi akademik materiallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrab olish;
dekanatlar, kafedralar va boshqa boʻlimlardan oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlar va maʼlumotlarni ham olishi;
“Registrator ofisi” amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi;
“Registrator ofisi” vakolatiga kiradigan masalalarni muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazish hamda seminarlar tashkil etishi mumkin.
27. “Registrator ofisi”ning oʻz funksiyalarini bajarishdagi majburiyatlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumat va vazirlik topshiriqlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
“Registrator ofisi”ga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali tashkil etish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘z vaqtida kо‘rib chiqish;
meʼyoriy hujjatlar loyihalarini (loyihalarga takliflarni) sifatli va o‘z vaqtida tayyorlash hamda rahbariyatga taqdim etish;
oliy taʼlim tashkilotida oʻquv jarayonini tasdiqlangan davlat taʼlim standartlari asosida tashkil qilish, ushbu jarayonga huquqiy-meʼyoriy va boshqa hujjatlarning toʻla joriy etilishini ta’minlash.
VI. Yakuniy qoidalar
Ushbu nizomda belgilangan masalalar boʻyicha kelib chiqqan nizolar qonun hujjatlari asosida hal qilinadi.
Mazkur nizom Institut kengashining 2025-yil 26-fevraldagi 7-sonli yig‘ilishida muhokama qilingan va tasdqlangan.