Avazov Komil Raxmatovich
Bo'lim boshlig'i
Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi
Zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarning eng muhim muammolarini hal qilish, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini iqtisodiyotning tegishli sohalarida tatbiq qilinishini ta’minlash, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimida ilm-fanning uzviyligini qaror toptirish institut professor-o‘qituvchilari oldida turgan muhim vazifadir. Institut olimlari tomonidan paxta, to’qimachilik, yengil, matbaa va qog’oz sanoatlarining texnika va texnologiyalarini takomillashtirishga, tabiiy va boshqa tola, iplar aralashmasidan raqobatbardosh mahsulotlar assortimentlarini yaratish hamda amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yirik ilmiy mavzularda tadqiqotlar va izlanishlar olib borilmoqda, pirovardida ularning natijalari anjumanlar, seminarlar va ko’rgazmalarda namoyish etilmoqda. 2021-2023 yillar mobaynida institutimiz professor - o’qituvchilari tomonidan 111 ta monografiya, 4872 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop etildi. Shulardan 1921 tadan ortig’i xorijdagi nufuzli jurnal va ilmiy to’plamlarida nashr etildi. Professor-o’qituvchilari tomonidan “Scopus” ma’lumotlar bazasidagi jurnallarda 237 ta ilmiy maqolalar chop etilib, shuningdek ilmiy ixtirolar uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markaziga 217 ta talabnomalar topshirilib 212 ta patent olindi: shulardan 67 tasi ixtiro, 65 tasi foydali model, 47 tasi sanoat namunasi va 38 ta EHM dasturi bilan himoyalangan. Hamda xorijga 8 ta talabnoma topshirilib 4 ta patent olindi. Natijada 2023-yil 10-noyabr kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlarining II-Milliy anjumanida vazirlik tomonidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti respublika miqyosida eng faol “Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi” deb topildi va taqdirlandi.
Ilmiy salohiyat
Hozirgi kunda institutda 16 ta kafedra mavjud bo‘lib, ularda 371 nafar professor-o‘qituvchilar, jumladan, 46 nafar fan doktorlari, 179 nafar esa fan nomzodlari faoliyat yuritmoqdalar. Ilmiy salohiyat 61%. Institutda jami - 154 nafar, jumladan, 116 nafar doktorant (DSc) va tayanch doktorantlar (PhD), 38 nafar mustqil izlanuvchilar faoliyat yuritishmoqda. So‘nggi 3 yilda (2021-2023yy) jami 110 nafar (17 nafar DSc va 93 nafar PhD) tadqiqotchilar dissertatsiyalarini muvofiqiyatli himoya qilishdi.
Ustuvor yo‘nalishlar
Respublikamizda ilmiy-texnikaviy salohiyatni oshirish uchun xizmat qilayotgan institutimiz olimlari iqtisodiyotning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqdalar:
- mahalliy xom-ashyo resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlovchi import o‘rnini bosuvchi va eksportbop to‘qimachilik mahsulotlari (yigirilgan ip, to‘qima, trikotaj, noto‘qima matolar, gazlamalar)ning ilmiy hajmdor texnologiyalarini yaratish;
- sof, aralash va ikkilamchi resurslar hamda boshqa tolali xom ashyolarni qayta ishlashning yuqori samarali usullarini ishlab chiqish;
- yengil sanoat uchun tannarxni kamaytirishga yo’naltirilgan energiya va resurs tejamkor, ekologik xavfsiz chiqindisiz texnologiyalarini yaratish;
- to’qimachilik matolari va yengil sanoat mahsulotlarida milliylik va zamonaviylikka yo’naltirilgan dizayn loyihalarini takomillashtirish va rivojlantirish;
- paxtani dastlabki ishlash, to‘qimachilik, yengil va matbaa sohalaridagi yangi texnologiyalarni amalga oshirish uchun mashina jihozlarini yaratish va takomillashtirish;
- paxtani tozalash, to‘qimachilik, yengil va matbaa sohalaridagi avtomatlashtirish va boshqarish tizimlarini mexatronika asoslarini qo‘llab shakllantirish;
- texnogen va tabiiy to‘qimachilik xom ashyolaridan turli funktsional maqsadlarda ishlatiladigan nanotuzilmali va kompozit material hamda mahsulotlarni olish;
- tabiiy, kimyoviy, aralash tolali matolarni pardozlash ishlatiladigan tabiiy va sintetik tabiatli bo‘yovchi moddalar olish, to‘qimachilik materiallarini kimyoviy pardozlashning samarali texnologiyalarini yaratish;
- yangi tarkib va tuzilishidgi resurs tejamkor to’qimachilik va matbaa mahsulotlari, poyabzal va charm-attorlik buyumlarining assortimentlarini kengaytiradigan texnologiyalarni yaratish;
- paxta tozalash, to’qimachilik, yengil va matbaa sohalarining texnologiyalari va tayyor mahsulotlari sifatini nazorat qilish;
- to’qimachilik sanoatida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonida innovatsion korporativ hamkorlik faoliyatini rivojlantirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish.
Ilmiy loyihalar
Institutda olib borilayotgan ilmiy loyihalar to‘qimachilik, yengil sanoat va matbaa ishlab chiqarish korxonalarida mavjud muammolarni hal qilish bilan birga mamlakatimiz ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlariga mos bo‘lgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishga qaratilgan. 2021-2023 yillarda davlat ilmiy-texnik dasturlar doirasida institutda hajmi 19 mlrd. so‘mlik 4 ta Xalqaro grant, 1 ta fundamental, 2 ta amaliy, va 2 ta innovatsion loyihalar hamda 82 ta xо‘jalik shartnomalari bо‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari bajarildi.