Zamonaviy ilmiy bazalardan foydalanish bo‘yicha master-klass tashkil etildi
Bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida kafedralarning ilmiy ishlarga mas’ul professor-o‘qituvchilari uchun Web of Science va Pivot-RP ilmiy axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha master-klass mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mazkur tadbir institutda ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish madaniyatini shakllantirish, hamda grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida o‘tkazildi.
Master-klassni Kimyo va matbaa muhandisligi kafedrasi dotsenti, PhD Abdumajidov Anvar Abdumalikovich olib bordi. Tadbir davomida ishtirokchilarga Web of Science bazasida ilmiy maqolalarni izlash, tahlil qilish, iqtiboslar soni va impakt faktorlarni aniqlash, shuningdek, Journal Citation Reports (JCR) tizimi bilan ishlash tartibi haqida amaliy bilimlar berildi.
Bundan tashqari, Pivot-RP grantlar platformasi orqali xalqaro loyihalarni izlash, ularga ariza topshirish, mos ilmiy hamkorlar topish kabi ko‘nikmalar ham shakllantirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi va platformalar bilan mustaqil ishlashni amaliyotda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.