Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti vakillari Yekaterinburgdagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti vakillari Ural davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan “Raqamli iqtisodiyot va onlayn-ta’lim: asosiy tendensiyalar va to‘siqlar” mavzusidagi V Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada faol ishtirok etdilar.
Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori B. Nasimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida u globallashuv, axborot makonining integratsiyalashuvi va raqamli texnologiyalarning jadallik bilan rivojlanayotgan zamonida raqobatbardosh, milliy iqtisodiyot taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash dolzarb vazifa ekanligini ta’kidladi.
Mazkur konferensiyada institutning “Iqtisodiyot” fakulteti dekani M. Mansurov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i V. Lyamkina, xorijiy OTMlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i E. Shuhratullayev, “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasi mudiri B. Davlyatov, shuningdek, fakultetning professor-o‘qituvchilari va doktorantlari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida zamonaviy iqtisodiy va ta’limiy muammolar, raqamli transformatsiya, onlayn-ta’limning istiqbollari, mavjud to‘siqlar va ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan qizg‘in munozaralar olib borildi.
Bunday ilmiy-amaliy uchrashuvlar nafaqat tajriba va bilim almashish, balki barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi innovatsion g‘oyalarni ilgari surish, ta’lim va fan integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.