“Yangi O‘zbekistonda milliy libos va zamonaviylik integratsiyalashuvida ilmiy maktabning ahamiyati” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “International Day of Women and Girls in Science” — 11-fevral Xalqaro ilm-fandagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan tizimli tadbirlar o’tkazib kelinmoqda.
Institutning “Olima ayollar uyushmasi” hamda “Moda va dizayn” kafedrasi hamkorligida “Milliy moda va kostyum” ilmiy maktabi asoschisi texnika fanlari doktori, professor Xolida Hafizovna Kamilovaning serqirra ilmiy faoliyatiga bag’ishlangan “Yangi O‘zbekistonda milliy libos va zamonaviylik integratsiyalashuvida ilmiy maktabning ahamiyati” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ilm-fan rivojida xotin-qizlarning o‘rni, ayniqsa, milliy moda va dizayn yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning ahamiyati haqida so‘z yuritilgan tadbirda mutaxassis professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar hamda talaba-qizlar ishtirok etdilar.
Jumladan, professor Xolida Kamilovaning ilmiy faoliyati, uning milliy libos va kostyum dizaynini zamonaviy moda talablari bilan uyg‘unlashtirish borasidagi fundamental tadqiqotlari, yaratilgan ilmiy maktabi hamda yetishtirgan shogirdlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, olimaning ilmiy ishlari nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham katta ahamiyat kasb etib, milliy merosni asrab-avaylash, uni zamonaviy dizayn talablari asosida qayta talqin etish va jahon moda maydoniga olib chiqishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda olimaning sharafli hayot yo’li hujjatli film tarzida havola etildi. So’ngra, olima Xolida Hafizovna Kamilova ilmiy maktabidan yetishib chiqqan shogirdlari o‘z chiqishlarida Yangi O‘zbekiston sharoitida milliy o‘zlikni anglash, an’anaviy liboslarimizning tarixiy, estetik va funksional xususiyatlarini chuqur o‘rganish, ularni innovatsion texnologiyalar bilan boyitish masalalari dolzarb ekanini qayd etdilar. Xususan, professor Kamilova asos solgan ilmiy maktab doirasida olib borilayotgan tadqiqotlar O’zbekistondagi milliy liboslarni tarixan hududlar kesimida – Xorazm, Samarqand-Buxoro, Toshkent-Farg’ona, Surxondaryo-Qashqadaryo hamda Qoraqalpoq guruhlarida tasniflanish asoslari yoritildi. Yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etib, ustozning ilmiy maktabi an’analari davom etayotganini namoyon etdilar.
Olima Xolida Hafizovna Kamilovaning milliy madaniyatimizni asrab-avaylashga qaratilgan davlat siyosatiga qoshayotgan hissasi yoshlarga serqirra namunalar asosida yetkazildi. Jumladan, ko’plab loyihalaridan bittasi hisoblangan – Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilgan ulkan amaliy loyihalari bilan yaqindan tanishtirildi hamda yaqin vaqt oraligida talabalarni Islom sivilizatsiyasi markaziga birgalikda olib borishga kelishib olindi.
Ilmiy-ma’rifiy tadbir qizg‘in savol-javoblar, fikr-mulohazalar almashinuvi ruhida o‘tdi. Unda ilm-fanda xotin-qizlarning o‘rni, ularning tashabbuskorligi va fidokorona mehnati mamlakat taraqqiyotida muhim omil ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Mazkur tadbir nafaqat professor Xolida Hafizovna Kamilovaning ilmiy merosini e’tirof etish, balki milliy moda va dizayn sohasida yangi ilmiy izlanishlarga ruh bag‘ishlash, yosh avlodni ilm-fanga keng jalb etish hamda milliy qadriyatlarni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirish yo‘lida muhim hissa bo‘ldi.