20:16 Chorshanba 09 Oktyabr 2024 (GMT+5)
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
  • Elektron hujjatlar
  • Elektron kutubxona
  • Masofaviy ta'lim
  • Hemis
  • Elektron pochta
Virtual qabulxona

ATLASNING TO‘QIMI O‘ZGACHA, ATLASNING TURISHI O‘ZGACHA, ATLAS KIYGAN AYOL O‘ZGACHA!

12.09.2024
100

Atlas shunchaki mato emas, atlas shunchaki anʼana emas, Atlas – o‘zbek ayolining asrlar osha dong‘i ketgan mehridaryoligi, donishmandligi va go‘zalligiga o‘ralgan bezakdir. Atlas har bir o‘zbek qiziga va yarashadi. O‘zbek qizi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganda go‘zal, egniga atlas ilganda go‘zal…

Milliy liboslar, ularni yaratish anʼanalari va kelajak avlodlarga yetkazish vazifasi – Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti zimmasiga yuklatilgan. To‘qimachilik texnologiyalariga oid eng so‘nggi innovatsion laboratoriyalar, ishlab chiqarish texnologiyalari va o‘ziga xos ko‘hna maktab ming yillardan beri mavjud atlas tarixini asrlarga bog‘lashda davom etmoqda. Aynan shu institut bitiruvchilari atlasning umrini uzaytirishadi, uni to‘qishadi, undan libos tikishadi va go‘zal qizaloqlarimiz, opa-singlillarimiz va onaxonlarimizga tuhva etishadi. 

Muazzam va otaxon institutimiz Yakkasaroy tumanida joylashgan. Tuman hokimiyati va institut maʼmuriyatining ham hamkorlik, ham do‘stlik aloqalari mana bir necha yillarki o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Shu yaxshi anʼananasi davom ettirgan holda, mana bugun “Xon Atlas festivali”ni ham nishonlab olindi.

Atlas – o‘zbek qizining surati-yu siyratiga atalgan mato, qasidaga aylangan go‘zallik va dong‘i ketgan latofat ramzi… Atlasga hatto Parij kibor xonimlari ham havas qilishadi. Atlas quvonch va shodlikka to‘la kunlarimizni bezaydi, mehmonlarni rom etadi. Atlas har bir qizga yarashadi.

Oldin xabar berganimizdek, 10 sentyabr kuni institutimizning go‘zal qizlari ishtirokida “Xon atlas” haftaliklariga bag‘ishlangan “Open Air Fest” bo‘lib o‘tgan edi. Unda Festival ishtirokchilari poytaxtimizdagi betakror manzillardan biri – O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida jam bo‘lishgan edi. Gullar namoyishi, hurlar namoyishi – modalar namoyishi tadbir tashkilotchilaridan biri, Yakkasaroy tuman hokimiyati tomonidan yuqori baholandi. Bugun esa hokimiyatning vakolatli vakillari bilan festivalning mantiqiy davomi – “Xon atlas Festivali” Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida davom etdi.

Tadbirni ochib berish uchun Yakkasaroy tumani hokimi – Nilufar Anvarovna Allabergenova so‘zga chiqdi:

Hurmatli ustozlar, talaba qizlar, bundan sizlarning qo‘l mehnatingiz bilan tikilgan bashang liboslarni ko‘rib katta taassurotda qolgan edim. Ochig‘i, bu galgi liboslarni ulardan ustunroq ko‘raman. Ularni hammaga ko‘rsatgim, har yerda o‘zim bilan olib yurgim, kiygim keladi. Sababi shunday go‘zal matolarimiz borligidan, ularning betakror ranglariyu nozik choklaridan men g‘ururlanaman. Barchangizdan iltimos, bu anʼanalarni kelajak avlodga yetkazishda o‘zingiz tashabbuskor va bosh-qosh bo‘ling! Men esa qo‘limdan kelgancha sizga yelkadosh bo‘laman, ko‘maklashaman”,– deydi hokim.

Moderator, dotsent Umida Elmuratova tomonidan barcha mehmonlar to‘qimachilik sohasida ixtisoslashgan, eng so‘nggi va zamonaviy laboratoriyalarga taklif etildI. Mehmonlarga oliygohdagi innovatsiyalarni batafsil tanishtirish va istiqboldagi rejalar xususida boxabar qilish maqsadida hokim xonimga institutning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor – Baxtiyor Vasiyevich Nasimov peshvoz chiqdi. Mehmonlarga yuzlanar ekan, u quyidagicha fikr bildirdi:

Institutimiz yangi o‘quv yiliga obdon tayyorgarlik ko‘rgan. Bu yilgi jarayonga o‘zimizning ishlab chiqarishga oid rejalarimiz bilan kirib kelmoqdamiz. Bunda Yakkasaroy hokimiyatining ko‘magini yuqori baholaymiz.

“CHOK” brendi avvaliga aynan shu tuman ichki bozorini egallaydi, uning fuqarolarini kiyintiradi, hatto xonadonlarini bezaydi ham. Asosan talabalar faoliyat yuritadigan va amaliy bilim oladigan spin-off korxonasiga asos solish g‘oyasi aynan shu (ikkinchi o‘quv binosi) bino oldida tug‘ilgan edi. Qani, marhamat!”

Ham majoziy ham maʼvoiy maʼnoda gapiradigan bo‘lsak, 1932 yilda bunyod etilgan bino butun mamlakatni kiyintirgan. Aynan shu yerda ilk bor to‘qimachilik fakulteti ishga tushgan edi. Bino boloxonasidan kiraverishda oliygohning tarixiga oid rasmlar ilingan moʻjaz “muzey”ga ko‘zingiz tushadi. Bir pasda qariyb bir asrlik tarixga ega oliygohning mamlakat ilmiy hamjamiyati va sanoatida tutgan o‘rnini anglab yetish mumkin.

Davlatimiz rahbarining yoshlar va ularning sarafroz kelajagiga ko‘rsatayotgan eʼtibori o‘laroq, mana ikki yildirki institutda “Yoshlar Akademiyasi” samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Yoshlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishi va mashg‘ulotlardan tashqari mustaqil izlanishlari uchun alohida xonalar ajratilib, ularda barcha sharoitlar yaratilgan. Hokim xonim ham aynan shu kabi tendensiyalar asosida taʼlim va tarbiya olgan kadrlar sifatini va ular jamiyat uchun suv-havodek zarur ekanliklarini eʼtirof etdi.

Shundan so‘ng kelgan mehmonlar yigirish, to‘qish va ipak texnologiyalariga asoslangan laboratoriyalar bilan birin-ketin tanishib chiqdilar. Birgina jajji pilla qurtidan shunday bejirim matolar to‘qilishi, ular savdogar rastasiga borgunga qadar bir necha o‘nlab bosqich o‘tishi hammani hayron qoldirdi.

Juda mashaqqatli mehnat. Libosni kiyganimizda yoki uni xarid qilayotganimizda bu mehnatlarning borligi xayolimizga ham kelmaydi. Endi ko‘rib angladimki, mato to‘qish zargarning ishidan hecham qolishmas ekan.

Buni qarangki, oliygohda qurt ham boqilarkan. Talabalarga bu jarayonning ko‘rsatilishi ham juda yaxshi. Ip-kalavadan matogacha, dizayner chizgisidan tikuvchi mashinkasigacha – bu jarayonlarning barchasi oldida shu institut talabalari turgan ekanda?! Yashshavor! Baraka toping, ustoz”, – deya hokim professorlarni alqaydi.

Uchrashuvning xotima qismida rahbariyat vakillari kelgusidagi hamkorlik dinamikasini kelishib olishdi. Endilikda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni sotish, Savdo uchun qulay joy tanlashda ikki tashkilot yaqindan hamkorlik qiladi.

Akmaljon Yuldoshev,

TTYSI matbuot kotibi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?