5-iyundan oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun qabul boshlanadi
Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.
1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn roʻyxatdan oʻtadi hamda quyidagilarni tanlaydi:
Faqat test sinovida ishtirok etsa:
- fanlar majmuasi;
- taʼlim tili;
- test topshirish hududi.
Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa:
- taʼlim tili;
- test topshirish hududi;
- alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishi;
- kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.
Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi.
2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:
- oliy taʼlim muassasasi;
- bakalavriat taʼlim yoʻnalishi;
- taʼlim shakli;
- tanlov ustuvorligi.
Abituriyent test sinovida toʻplagan ballarini imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:
- texnikum;
- kasb va mutaxassislik;
- taʼlim shakli.
Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida “Qabul-2025” shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, fuqarolarimiz Vazirlikning 1006, Agentlikning 1195 ishonch telefoni yoki @EduuzUniversalBot’ga murojaat qilgan holda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishlari mumkin.