KAFEDRA TARIXI
“Mexanika muhandisligi” kafedrasi 2024-yil 3ta kafedraning transformasiyasi natijasida “Texnologik mashinalar va jihozlar” kafedrasi negizida tashkil etilgan. “Texnologik mashinalar va jihozlar” kafedrasi ilk bor 1956-yil “Tolali materiallarni dastlabki ishlash” fakulteti qoshida tashkil qilingan bo‘lib, shu yili kafedraning kunduzgi bo‘limiga dastlabki talabalar qabul qilingan.
Kafedraning asoschisi-professor, texnika fanlari doktori (t.f.d.) G.I.Miroshnichenko hisoblanadi. U kafedrada aspirantura yo‘nalishini ochgan hamda paxta tozalash va to‘qimachilik mashinalari mexanikasi bo‘yicha ilmiy tekshirish ishlarini yo‘lga qo‘yib, ilmiy-pedagogik kadrlarini tayyorlash orqali o‘zining ilmiy maktabini yaratgan.
P.N.Tyutin, T.X.Xakimov, G.D.Selivanova, M.G.Xamov, U.S.Mirsagatov, E.Usmonov, E.M.Abdurazzoqov, R.G.Mahkamov, P.T.Mahkamov, M.M.Shukurov, R.R.Fayziyev, G.A.Qurbanovalar kafedraning birinchi o‘qituvchilari hisoblanadi.
1959-yildan hozirgi davrgacha “To‘qimachilik sanoati mashina va apparatlari” mutaxassisligi bo‘yicha hamda 60720700 – “Texnologik mashinalar va jihozlar (to‘qimachilik, yengil va paxta sanoati)”, 5320300 – “Texnologik mashinalar va jihozlar (yengil sanoat)” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 5000 dan ziyod bakalavrlar, 70720709 – “To‘qimachilik va yengil sanoati mashina va apparatlari” va 70720711 – “Paxta tozalash sanoati mashina va jihozlari” mutaxassisliklari bo‘yicha 300 ga yaqin magistrlar tayyorlangan. Avvalgi aspirantura va hozirda doktorantura bosqichida o‘qib, kafedra o‘qituvchilari rahbarligida ilmiy ish olib borgan izlanuvchilarning fan nomzodligiga ega bo‘lganlari soni 90dan ziyodni tashkil qilgan.
Kafedrada ishlab o‘tgan hamda ishlayotgan o‘qituvchilar - G.I.Miroshnichenko, P.N.Tyutin, M.G.Xamov, R.G.Maxkamov, S.S.Xodjayev, R.R.Fayziyev, A.A.Ismoilov, S.X.Babajanov, A.A.Safayev, R.X.Rosulov, SH.SH.Xakimov va boshqalar tomonidan 100 dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar nashr etilgan.
Kafedra dotsenti Z.O.Maxammadiyev 2018-yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva Davlat universiteti hamda Kostroma Davlat universitetlarida mutaxassisligi bo‘yicha stajirovka o‘tab kelgan.
Kafedra dotsenti M.M.Agzamov 2018-yilda “Seminar on Textile and Garment Industry Planning for Developing Countries in 2018” nomli seminar-trening bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasida malaka oshirib kelgan. 2023-yil ITEC dasturi bo‘yicha Hindistonning Uttar Pradesh shtatida joylashgan NOIDA shahridagi Times Professional Learning (Bennet University) universitetida malaka oshirib kelgan.