Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMSTECH) tomonidan “COMSTECH AWARDS 2025” mukofoti uchun hujjatlar qabul qilishni boshlanganini e’lon qiladi
Mazkur tanlov yakunida qo‘yidagi 4 yo‘nalishda jami 10 ta nominatsiya bo‘yicha ilmiy tadqiqotchilar va olimlarni mukofotlash rejalashtirilgan:
- Biologiya va kimyo fanlari rivojiga umrbod qo‘shilgan hissa uchun;
- Fan va texnologiyalarda ilg‘or ilmiy yutuqlar uchun;
- Eng yaxshi ilmiy nashr uchun;
- Ilm-fan kommunikatsiyalari sohasidagi yutuq uchun.
“COMSTECH AWARDS” mukofoti 1996-yil Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMSTECH) tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, IHT ga a’zo davlatlar fuqarolari hamda ushbu mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan olimlar uchun mo‘ljallangan.
2025-yil uchun mukofot quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha beriladi:
- Biologiya va kimyo fanlari rivojiga umrbod qo‘shilgan hissa uchun. Ushbu nominatsiya biologiya va kimyo yo‘nalishida uzoq yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan olimlarga beriladi. Har bir fan bo‘yicha g‘oliblarga sertifikat, faxriy nishon va 8000 AQSH dollaridan pul mukofoti topshiriladi.
- Fan va texnologiyalarda ilg‘or ilmiy yutuqlar uchun. Ushbu nominatsiya bo‘yicha quyidagi uch yo‘nalishda arizalar qabul qilinadi: - Yosh tadqiqotchilar uchun (2025 yil 31-mart holatiga ko‘ra 40 yoshdan kichik shaxslar ishtirok etishi mumkin); - Eng yaxshi ilmiy kitob uchun (2023-2024-yillarda xalqaro nashriyotlar tomonidan chop etilgan kitoblar); - Patent uchun (mukofot ilmiy nazariyani yanada boyitish va/yoki tijorat tizimlarini ishlab chiqilishiga davomli ijobiy ta’sir ko‘rsatgan kashfiyotlar uchun beriladi. Tanlovda faqat oxirgi besh yil ichida ro‘yxatdan o‘tgan patentlar ko‘rib chiqiladi); Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblarga sertifikat, faxriy nishon va 4000 AQSH dollaridan pul mukofoti topshiriladi.
- Eng yaxshi ilmiy nashr uchun. Biologiya, kimyo, matematika va fizika yo‘nalishlarida 2023-2024 yillarda impakt-faktor jurnallarida chop etilgan ilmiy maqolalar ko‘rib chiqiladi. Har bir fan bo‘yicha g‘oliblarga sertifikat, faxriy nishon va 2500 AQSH dollaridan pul mukofoti topshiriladi.
- Ilm-fan kommunikatsiyalari sohasidagi yutuq uchun. Ushbu mukofot birinchi marta e’lon qilinmoqda. U IHT mamlakatlaridagi samarali ilmiy aloqa va targ‘ibot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va muassasalarga beriladi. Tanlovda ilm-fan, ta’lim, jurnalistika, targ‘ibot (outreach) va kino sohasida ilmiy muloqotga qo‘shilgan ulkan hissalar ko‘rib chiqiladi. G‘olibga sertifikat, faxriy nishon va 4000 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti topshiriladi.
Hujjat topshirish tartibi “COMSTECH AWARDS 2025” mukofotiga nomzodlar ilmiy muassasalar, milliy tadqiqot kengashlari, universitetlar, tadqiqot institutlaridan IHT ga a’zo davlatlar fuqarolari bo‘lgan va ularda ishlovchi olimlar ishtirok etishlari mumkin. Nomzodlar COMSTECH bosh koordinatori tomonidan tayinlangan tegishli sohadagi taniqli olimlar va ekspertlar hay’ati tomonidan baholanadi.
Maktubda aynan qaysi nominatsiya bo‘yicha ariza topshirilayotgani va mazkur sohaga qo‘shilgan hissa aniq bayon qilinishi lozim. Xatga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi shart:
- to‘ldirilgan va imzolangan ariza namunasi
- tarjimayi hol
- rezyume (4000 so‘zdan oshmasligi kerak)
- ilmiy nashrlar ro‘yxati - muassasa rahbarining tavsiyanomasi.
Ishtirok etuvchi shaxs yoki muassasa tavsiya etilgan rasmiy xat va tegishli hujjatlarining elektron nusxalarini 2025-yil 31-martga qadar COMSTECH kotibiyati (awards@comstech.org) elektron pochtasiga yuborilishi talab etiladi. Qoshimcha ma’lumotlar uchun xalqaro hamkorlik bo‘limidan olishingiz mumkin (1-bino 523-xona)