Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati institutining Sanoat texnologiyalari va mexanika fakulteti, Mehnat muhofazasi va ekologiya kafedrasi tomonidan “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirokida “Mahallam tozaligi – yurtim obodligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari, mahalla raisi hamda mahalla yoshlari faol ishtirok etib, ekologik madaniyatni yuksaltirish, hudud tozaligini ta’minlash va atrof-muhitni asrash masalalari keng muhokama qilindi.
Davra suhbatida mahalla raisi Akmal Xidoyat-Sarkorovich so‘zga chiqib, “Yakkasaroy kichik sanoat zonasi” hududida bugungi kunda 385 ta korxona faoliyat yuritayotganini, ulardan 12 tasi chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mahalla aholisi va yoshlarni ekologik tashabbuslarda yanada faol bo‘lishga chorladi.
Tadbir davomida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan tabiatni asrash va uni ifloslantirmaslik har bir fuqaroning muhim burchi ekani, bu oddiy ko‘ringan, ammo jamiyat farovonligi va kelajak avlodlar taqdiri uchun beqiyos ahamiyatga ega masala ekani haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Mazkur davra suhbati yoshlar ongida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, ularni atrof-muhit muhofazasiga daxldorlik hissi bilan tarbiyalash hamda “toza hudud — sog‘lom hayot” tamoyilini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.