Parijda “O‘zbek modasi: an’analar va ilhom cho‘qqisi” milliy va zamonaviy liboslar namoyishi o‘tkazildi
Jahon moda industriyasining yetakchi shaharlaridan biri bo‘lgan Parijda an’anaviy tadbirga aylanib kelayotgan “O‘zbek modasi: an’analar va ilhom cho‘qqisi” milliy va zamonaviy liboslar namoyishini o‘tkazildi. Unda 2019-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Xalqaro Parij moda akademiyasi tomonidan qo‘shma ta’lim dasturi talabalari ishtirok etdi. Alohida qayd etish lozimki, dasturda Xalqaro Parij moda akademiyasining yetakchi mutaxassislari va Fransiyada amaliyot o‘tagan o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda.
Parijda o‘tkazilayotgan mazkur tadbir nafaqat milliy madaniyatimizning xalqaro miqyosda tanilishi, balki zamonaviy modada o‘z o‘rnimizni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Namoyishning birinchi qismida professor-o‘qituvchilar tomonidan tadqiqotlar asosida buyuk Amir Temurning suyukli rafiqasi Bibixonimning obrazi o‘rganildi, tahlil qilindi va rekonstruksiya qilingan holda uning bashang tarixiy kostyumi shakllantirildi. Noyob manbalar sifatida ispan elchisi Ruy Gonsales de Klavixoning yozma kundaliklari, tarixiy qo‘l yozmalari va boshqa olimlarning tadqiqotlari bunga asos bo‘ldi.
O‘zbekiston hududlari bo‘yicha tarixiy badiiy bezakka boy an’anaviy liboslar namunalari, jumladan Toshkent-Farg‘ona, Samarqand-Buxoro, Surxondaryo-Qashqadaryo, Xorazm, Qoraqalpoq kostyumlari muzey eksponatlari, yozma manbalar, tadqiqotlar asosida o‘rganildi va qayta tiklandi.
Namoyishning ikkinchi qismida tarixiy o‘zbek kostyumi va zamonaviy moda tendensiyalarini o‘zida o‘zaro mujassam etgan, bugungi kunning dolzarb yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “Pret-a-porte de Luxe” kiyim modellari namoyish etildi. Ushbu yo‘nalishda yaratilgan liboslar jahon sahnasida raqobatbardosh bo‘la oladigan, ichki va tashqi bozorda yuqori qiymatga ega namunalar hisoblanadi. Parij an’anaviy ravishda jahon moda va dizayn markazi hisoblanib, u yerda eng yirik moda namoyishlari, ko‘rgazmalar va brendlar taqdimoti o‘tkaziladi. Parijda O‘zbekiston liboslarining namoyishi xalqaro maydonda mamlakatning milliy uslubi va ijodiy salohiyatiga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Tadbir doirasida milliy va zamonaviy matolar uyg‘unligi, san’at darajasida ishlangan bezak elementlari, nafislik va yuqori sifatli hunarmandchilik namunalari bilan ajralib turuvchi liboslar namoyish etiladi. Zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan, yuqori darajadagi estetik jihatlarga ega bo‘lgan bu to‘plamlar jahon modasi bozorida ham raqobatbardosh bo‘lishi mumkin.