Xalqaro ilm-fandagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan ilmiy-ma’rifiy tadbirlarga start berildi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “International Day of Women and Girls in Science” — 11-fevral Xalqaro ilm-fandagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan tizimli tadbirlarga rasman start berildi.
Mazkur sana doirasida institutning Iqtisodiyot fakulteti hamda Olima ayollar uyushmasi hamkorligida “Ilm va iqtisodiyotda ayol zakovati” mavzusida iqtisodchi olimalar va talaba-qizlar uchun ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi jamiyat taraqqiyotida ayollarning, xususan, ilm-fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan olima ayollarning o‘rni va ahamiyatini keng yoritish, talaba-qizlarni ilmiy izlanishlarga faol jalb etish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda yoshlar ongida ilmli va ma’rifatli ayol timsolini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga institutda ilm-fan bilan shug‘ullanish istagidagi talaba-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mavjud shart-sharoitlar hamda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, olima ayollar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ilmiy faoliyatni boshlash va davom ettirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar.