ADABIYOT VA DIZAYN UYG‘UNLIGI: OYBEK YODI YOSHLAR NIGOHIDA
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Dizayn va texnologiyalar fakulteti jamoasi ishtirokida Adiblar xiyobonida o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, atoqli adib va olim Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Oybek haykali poyida tashkil etilib, unda adibning boy ijodiy merosi, xususan Navoiy va Qutlug‘ qon asarlarining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, fakultet talabalari tomonidan Oybekning she’r va g‘azallaridan namunalar o‘qilib, ustoz pedagoglar adibning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati hamda matonati haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Dizayn yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun Oybek ijodidagi tasviriy boylik, so‘z orqali yaratilgan betakror manzaralar ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur tadbir yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, milliy adabiyotimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda ijodiy tafakkurni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.