“BIZ — SOG‘LOM TURMUSH TARZI TARAFDORIMIZ!” MAVZUSIDA TARG‘IBOT TADBIRI O‘TKAZILDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, OIV/OITS kasalligining yuqish yo‘llari, patogenezi, epidemiologiyasi, klinik belgilari hamda profilaktikasi haqida tushunchalarni kengaytirish maqsadida “Biz — sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi tadbirda Respublika OITSga qarshi kurashish markazining mas’ul xodimi Akmal Baxromov, institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Xushvaqtov, shuningdek institut psixologi hamda xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha psixolog ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar bugungi kunda yoshlar salomatligini asrash, ularni sog‘lom turmush tarziga amal qilish ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, zararli odatlarning oldini olish hamda turli yuqumli kasalliklar, jumladan OIV/OITS haqida ilmiy asoslangan bilimlarni yetkazish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Shuningdek, tadbir davomida OIV/OITS kasalligining yuqish yo‘llari, kasallikning oldini olish choralari hamda sog‘lom turmush tarziga rioya qilishning ahamiyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.