"MILLAT FIDOIYLARI" MA'NAVIY-MA'RIFIY TADBIRI BO'LIB O'TDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining To‘qimachilik muhandisligi hamda Sanoat texnologiyalari va mexanika fakultetlari hamkorligida yoshlar qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirish, ularning harbiy kasbga qiziqishini oshirish hamda Qurolli Kuchlarimizning shakllanish va rivojlanish tarixi bilan tanishtirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Oʼzbekiston milliy universiteti harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi front orti va moliyaviy taʼminot sikli ofitserlari va kursantlari, O‘zbekiston respublikasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda Yakkasaroy tumanidagi 172-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o‘quvchilari institutga tashrif buyurib, oliygohdagi ta’lim yo‘nalishlari, talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, fakultet kafedralarida mavjud laboratoriyalardagi zamonaviy texnika va texnologiyalar, asbob-uskunalar namoyish etilib, ulardan foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.