Akademik litsey bitiruvchilariga tantanali guvohnomalar topshirildi
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi akademik litseyda 2024/2025-o‘quv yili bitiruvchilariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori ishtirok etib, barcha bitiruvchilarni akademik litseyni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan samimiy tabrikladi. Tabrikda ikki yil davomida o‘quvchilar nafaqat chuqur bilim va kasbga oid ko‘nikmalarni egallaganlari, balki mustaqil fikrlash, mas’uliyatni his qilish, mehnat va sabr kabi hayotiy qadriyatlarni o‘zlashtirganlari alohida ta’kidlandi.
2024/2025-o‘quv yili yakunida jami 140 nafar o‘quvchi litseyni muvaffaqiyatli tugatdi. Ulardan 2 nafari “Oltin” diplom, 18 nafari esa “Imtiyozli” diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, 40 nafardan ortiq bitiruvchi OTMga muddatidan oldin talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida barcha bitiruvchilarga guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.