GERMANIYA XALQARO HAMKORLIK JAMIYATI (GIZ) VAKILLARI ISHTIROKIDA UCHRASHUV BO’LIB O’TDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari ishtirokida hamkorlik uchrashuvi o’tkazildi.
I.Yeromenko boshchiligidagi GIZ vakillari bilan o’tkazilgan uchrashuvda institut tomonidan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor I.Bulanov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N.Mirzayev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i V.Lyamkina ishtirok etdi.
Konstruktiv muloqot doirasida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida startap loyihalarni rivojlantirish, “yashil” tashabbuslar va barqaror texnologiyalarni ilgari surish, shuningdek, soha bo‘yicha yetakchi to‘qimachilik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tarmoqning innovatsion salohiyatini oshirish va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda hamkorlikni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.