Nilufar Allabergenova Zulfiyaxonim qizlari davrasida bo‘ldi
Bugun Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat institutida shoira tavalludining 110-yilligi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbar xodimlari, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining sohibalari hamda maktab o‘quvchilari ishtirok etdilar.
O‘zbek she’riyatining otashnafas shoiralaridan biri, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi Zulfiyani bilmaydigan, uning biror she’rini yod olmagan zamonamiz yoshlari bo‘lmasa kerak. Sevimli shoiramiz o‘z she’rlari bilan bizlarni nafosatga, ezgulikka oshno etib, oppoq tong sari yetaklab, qalb harorati bilan isitib kelmoqda.
Tadbirda so‘z olganlar benazir ayol, buyuk ona, vafo va sadoqat timsoli shoira Zulfiya Isroilovaning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritdilar. Tadbir so‘nggida Zulfiyaxonim qizlariga tuman hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.