Qizlar kelajagi yo‘lida – mahalla va oliy ta’lim muassasasi hamkorligi yo‘lga qo‘yildi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga biriktirilgan mahallalar – “Shoxjahon”, “Belariq”, “Dilbuloq”, “Muhandislar”, “Rakat”, “To‘qimachi”, “Meros”, “Qushbegi” hamda “Oltin vodiy” mahallalarida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida bitiruvchi sinflarda tahsil olayotgan, ijtimoiy himoya reestrlariga kiritilgan qizlar va ularning oila a’zolari bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Mazkur uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul shartlari, test imtihonlari formati, mutaxassisliklar tanlovi, kam ta’minlangan oilalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, grant asosidagi ta’lim va imtiyozli ta’lim kreditlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, yoshlar va ularning ota-onalari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, savol-javoblar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida oliy ta’limga kirishda muammoga duch kelgan 3 nafar bitiruvchi qiz aniqlanib, ularning oila a’zolari bilan alohida ishlash yo‘lga qo‘yildi. Qizlar uchun institutda tegishli fanlardan tayyorlov to‘garaklari tashkil etildi va ularning oliy ta’limga qamrab olinishi bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Bu kabi tashabbuslar orqali qizlarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ijtimoiy tenglikni kuchaytirish va jamiyatda faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsad qilinmoqda.