SUDJOU TEXNOLOGIYA UNIVERSITETI VAKILLARI BILAN TANTANALI UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida muhim xalqaro voqea — Sudjou Texnologiya Universiteti vakillari bilan tantanali uchrashuv o’tkazilib, ikki oliy ta’lim muassasasining qo‘shma loyihasi hisoblangan Cheng He kollejining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan mazkur tadbirda har ikki tomon rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. TTYSI tomonidan uchrashuvda birinchi prorektor B.Nasimov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor I.Bulanov hamda xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i V.Lyamkina qatnashdi. Sudjou Texnologiya Universiteti nomidan esa xalqaro ofis direktori Xu Sinsin hamda professorlar Chjan Yuxong, Li Miao va Chjan Zang ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, “2+2” qo‘shma ta’lim dasturini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur dastur talabalarga ikki davlatda ta’lim olish, xalqaro tajriba orttirish hamda bir vaqtning o‘zida ikki oliy ta’lim muassasasining diplomiga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
Mazkur tantanali tadbir to‘qimachilik va yengil sanoat sohasi uchun xalqaro darajada raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda muhim qadam bo‘lib, talabalar kelajagi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.