Talabalar bahori: “Milliy qadriyatlar sayli” – an’analar, ilhom va yutuqlar bayrami!
24-aprel kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan Talabalar bahori oyligi doirasida “Milliy qadriyatlar sayli” bo‘lib o‘tdi.
Adiblar xiyobonida tashkil etilgan ushbu sayl tantanali ruhda boshlandi. Tadbirni institut prorektori Nasimov Baxtiyor Vasiyevich ochib, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash zarurligini ta’kidladi. Sayl davomida institut rahbariyati, murabbiylar, tyutorlar va talabalar faol ishtirok etdi.
Sayldan yodda qolgan muhim lahzalar:
- “Milliy libos” ko‘rgazmasi – talabalar tomonidan yaratilgan liboslar milliy urf-odatlarimiz, tarixiy meros va zamonaviy dizayn uyg‘unligini namoyon etdi.
- Milliy raqslar – turli hududlarga xos uslublarda ijro etilgan raqslar barchani hayratda qoldirdi, tomoshabinlarga milliy madaniyat ruhi yetkazildi.
- Sport bellashuvlari – arqon tortish, qarab tepish, tosh ko‘tarish kabi xalq o‘yinlari orqali jismoniy faollik, jamoaviylik va vatanparvarlik targ‘ib qilindi.
- Bilimlar estafetasi – talabalar bilim, mantiq va jamoaviylikda bellashdi. Estafeta ishtirokchilari o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdi.
- “Zakovat” o‘yini – tabiat qo‘ynida! – intelektual o‘yin yangi formatda, ochiq havoda o‘tkazilib, bilim va hordiq uyg‘unligida o‘zgacha muhit yaratildi.
Zakovat natijalari:
1-o‘rin – Iqtisodchilar
2-o‘rin – Renessans
3-o‘rin – Oybek
Sayl yakunida barcha g‘oliblar diplom, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yoshlar qalbida milliy g‘urur, estetik did, sog‘lom turmushga intilish va bilimga chanqoqlik tuyg‘ularini uyg‘otdi.