XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAMONA SHOU DASTURI O‘TKAZILDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayramona shou dasturi tashkil etildi.
Tadbir davomida institut jamoasining xotin-qizlariga samimiy ehtirom va ezgu tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan institut rektori Davron Vaxabovning xotin-qizlarga yo‘llagan tabrik so‘zi institutning birinchi prorektori Baxtiyor Nasimov tomonidan o‘qib eshittirildi.
Tabrik nutqida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ularning ta’lim, ilm-fan va ijtimoiy sohalardagi faolligi alohida e’tirof etilib, institut jamoasida faoliyat yuritayotgan ayollarga samimiy minnatdorlik bildirildi hamda ularga sihat-salomatlik, baxt-saodat va kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar bildirildi.
Shundan so'ng, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ravshan Komilov tomonidan ijro etilgan "Muqaddas ayol" taronasi institut faollari bilan birgalikda ijro etildi.
Dastur davomida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ravshan Komilov, el ardog'idagi xonandalar Aziz Rajabiy hamda Doniyor Gaipov, Farrux Komilov tomonidan ajoyib kuy-taronalar ijro etildi.
“Ayolga ehtirom” haftaligi doirasida “Ayol borki, olam munavvar!” mavzusida bayramona ruhda o‘tgan tadbirda institutda uzoq yillar samarali faoliyat yuritib kelayotgan professor-o‘qituvchilar hamda xotin-qizlar e’tirof etildi.
Tadbir davomida ayol professor-o‘qituvchilar va xodimlar uchun madaniy hordiq tashkil etish maqsadida ularga joriy yilning 13-mart kuni Xalqlar do‘stligi saroyida bo‘lib o‘tadigan “Salom bahor” nomli galakonsert dasturiga chiptalar topshirildi.