“YAKKASAROYDA MILLIY FEST” – QADRIYATLAR VA ZAMONAVIYLIK UYG‘UNLIGI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Milliy liboslar kuni” munosabati bilan tuman miqyosida yirik madaniy tadbir tashkil etildi.
Yakkasaroy tumani hokimligi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida “Yakkasaroyda Milliy fest” nomli milliy liboslar festivali yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur festival nafaqat moda namoyishi, balki milliy o‘zligimiz, qadriyatlarimiz va estetik didimizni aks ettirgan yirik madaniy loyiha sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman faollari, institut dekanlari va bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar qatnashdilar.
Festival davomida iqtidorli dizaynerlar tomonidan yaratilgan zamonaviy talqindagi milliy liboslar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Milliy an’analar bilan zamonaviy dizayn uyg‘unlashgan defile tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, madaniy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.