YAPONIYA HAMDA XITOY DAVLATLARINING PROFESSORLARI TASHRIF BUYURISHDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga Yaponiya hamda Xitoy davlatlarining nufuzli ta’lim muassasalari professorlari tashrif buyurdi.
22-dekabr kuni Yaponiya davlatining Tsukuba shahrida joylashgan Milliy Ekologik Tadqiqotlar instituti professori Van Sinsyue hamda Xitoy Fanlar Akademiyasi Qishloq xoʻjaligi resurslarini tadqiq qilish markazi professori Yonxuy Yan Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutiga tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrif doirasida institutning xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori I.Bulanov, xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi V.Lyamkina hamda "Mehnat muhofazasi va ekologiya" kafedrasi mudiri J.Arabov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar tarkibi va yosh tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, oʻzaro tajriba almashishga, shuningdek, kelajakda amaliy natijalar olishga yoʻnaltirilgan qoʻshma tadqiqotlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.