Yig‘ilish so‘ngida talabalar turarjoyida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 2025–2026-o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari doirasida institut prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari hamda tyutorlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunida talabalar turarjoyidagi holat amalda o‘rganildi.
Mazkur jarayonda yotoqxonalarda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari, talabalarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar bilan tanishildi. Xususan, “Bunyodkor yoshlar” guruhi a’zolari tomonidan tashabbus bilan olib borilayotgan joriy ta’mirlash ishlari – devorlarni bo‘yash, sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash, umumiy foydalanuvdagi joylarni tartibga keltirish kabi faoliyatlar baholandi.
Joylarga chiqqan holda mutasaddi rahbarlar tomonidan mavjud holatga real baho berildi, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha taklif va topshiriqlar berildi. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ushbu ishlarning talabalarning bevosita ishtirokida amalga oshirilayotgani ularning institut hayotidagi faolligi va ijtimoiy mas’uliyatini yana bir bor namoyon qilmoqda.
Institut rahbariyati tomonidan yotoqxona infratuzilmasini zamonaviylashtirish, xavfsizlik va qulaylik darajasini oshirishga qaratilgan rejalashtirilgan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.