YIL SARHISOBI: YUTUQLAR, REJALAR VA USTUVOR MAQSADLAR
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida 2025-yil — “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yil yakunlari sarhisob qilinib, 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davomida bajariladigan ishlar belgilab olindi.
Mazkur munosabat bilan institutda Yangi yil bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida joriy yil davomida erishilgan muhim natijalar, amalga oshirilgan loyihalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, institut rektori Davron Vaxabovning jamoaga yo‘llagan tabrik so‘zi birinchi prorektor Baxtiyor Nasimov tomonidan o‘qib eshittirildi. Unda professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-yoshlarning institut rivojiga qo‘shgan hissasi e’tirof etilib, yangi yil arafasida kelgusi rejalar va maqsadlar belgilab olindi.
Tadbir davomida, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrugʻiga asosan, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, professor Kamilova Xolida Xafizovnaga “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi koʻp yillik samarali mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun” “Ipak va yigirish texnologiyasi” kafedrasi professori Matismailov Saypila Lolashboyevichga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Tashakkurnomasi topshirildi.
“Yangi yil karvoni” tanlovida faol ishtirok etgan fakultetlar turli nominatsiyalar bo’yicha taqdirlandi.
Shundan so’ng, yil davomida turli yoʻnalishda faollik koʻrsatib kelgan kafedralar bir qator nominatsiyalar bo’yicha taqdirlanib, bayram sovgʻalarini qabul qilib oldilar.
Yangi yil munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlari yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Mazkur tadbir institut jamoasi hamda talaba-yoshlar uchun quvonchli va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Bayram dasturi doirasida turli madaniy-ma’rifiy chiqishlar tashkil etilib, tadbirga el-yurtimiz ardog‘idagi taniqli san’atkorlar taklif etildi. Jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar – Avazbek Olimov hamda Abdurashid Yo‘ldoshev, shuningdek, yoshlarning sevimli xonandasi Mustafo o’zining ajoyib kuy-qo’shiqlari bilan yana bir bor bayram kayfiyatini ulashdi.