AMIR TEMUR – BUYUK SARKARDA VA DAVLAT ARBOBI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash maqsadida talaba-yoshlar ishtirokida “Amir Temur – buyuk sarkarda va davlat arbobi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumani Nuroniylar kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor, mehnat faxriysi, 1-darajali “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Iskandar Hayitov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori To‘lqin Eshbekov hamda institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Xushvaqtov ishtirok etib, talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida Amir Temur davrida ilm-fan, madaniyat va san’at sohalariga qaratilgan yuksak e’tibor, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ilm ahliga ko‘rsatilgan homiylik va yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil so‘z yuritildi.
Shuningdek, talaba-yoshlar qalbida tarixiy merosimizga hurmat, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida o’tkazilgan tadbirda ma’ruzachilar tomonidan Sohibqiron tomonidan barpo etilgan madrasalar, kutubxonalar, me’moriy obidalar hamda ilmiy muhitning rivojlanishiga qo‘shilgan ulkan hissa alohida ta’kidlandi.