“BOBUR: NAZM VA NAFOSAT SILSILASI” MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIRI BO‘LIB O‘TDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida buyuk davlat arbobi, sarkarda, shoir va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan “Bobur: Nazm va nafosat silsilasi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Dizayn va texnologiyalar fakulteti tashabbusi bilan 13-fevral kuni o‘tkazilgan mazkur tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Hoshimjon Axmedov, institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Xushvaqtov hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Bobur g‘azallaridagi yuksak tuyg‘ular talaba-yoshlar ijrosida yana bir bor jaranglab, shoirning boy adabiy merosi chuqur tahlil qilindi. Ma’ruzachilar Bobur ijodining badiiy-estetik xususiyatlari, uning davlat arbobi va mutafakkir sifatidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Tadbirning eng yorqin lahzalaridan biri fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan “Boburiy liboslar” zamonaviy defilesi bo‘ldi. Milliy an’ana va tarixiy uslublarni zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirgan ushbu chiqish ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.