INSTITUT REKTORINING TALABA - YOSHLARGA MUROJAATI
Hurmatli talabalar, aziz yoshlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilib, sizlarning bilimli, sog‘lom, tashabbuskor va raqobatbardosh bo‘lib kamol topishingiz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Mazkur strategiya – bu sizlarning kelajagingiz uchun mustahkam poydevor, yangi imkoniyatlar eshigidir. Unda ta’lim, bandlik, tadbirkorlik, sport, madaniyat va ijtimoiy faollikni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar aniq belgilab berilgan.
Bu mamlakatimizda yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yoshlarning oʻrni va salohiyatini yanada toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilgan.
Aziz talabalar!
Institutimizda ham sizlarning har tomonlama rivojlanishingiz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan:
- iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida “Yoshlar akademiyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan;
- qizlarning bilim va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan “Qizlar akademiyasi” tashkil etilgan;
- o‘quvchi-yoshlarga bepul zamonaviy bilim beruvchi “Yosh muhandislar maktabi” faoliyat yuritmoqda;
- ijodkor talabalar uchun “Kelajak yoshlari” teatr studiyasi samarali faoliyat olib bormoqda;
- talabalarning media savodxonligini oshirish maqsadida turli media guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan;
- institutimiz Axborot-resurs markazi zamonaviy talablar asosida qayta jihozlanmoqda;
- yaqin kunlarda talabalar turar joyida zamonaviy sport zali foydalanishga topshiriladi;
- talabalarni rag‘batlantirish maqsadida turli intellektual tanlovlar uchun pul mukofotlari ajratilmoqda.
Bularning barchasi – Siz aziz yoshlar uchun yaratilayotgan real imkoniyatlardir.
Sizlar bugungi Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, ertangi taraqqiyotining hal qiluvchi kuchisiz. Shu bois sizlardan ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, o‘z ustingizda muntazam ishlash, bilim va ko‘nikmalaringizni doimiy ravishda oshirib borish talab etiladi.
Shuningdek, sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va ma’naviy barkamollik har biringizning hayotiy mezoniga aylanishi zarur. Zero, sog‘lom va bilimli avlodgina jamiyat taraqqiyotini ta’minlay oladi.
Hurmatli yoshlar!
Sizlarni faol bo‘lishga, yangi g‘oyalar bilan chiqishga, tashabbus ko‘rsatishga va o‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘yishga chorlayman. Ishonchim komilki, sizlar o‘z bilim va salohiyatingiz bilan nafaqat institutimiz, balki butun mamlakatimiz nufuzini yanada yuksaltirasiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat va ulkan zafarlar tilayman!
Davron Vaxabov - Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori