“JADID BOBOLARIMIZ” SHIORI OSTIDA MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIRLAR BO’LIB O’TDI
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining barcha fakultetlarida “Kelajak soati” rukni doirasida “Jadid bobolarimiz” mavzusidagi 16-“Ma’rifat darsi” tashkil etildi
15-dekabr kuni bo’lib o’tgan ma’rifiy tadbir yoshlar ongida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani mustahkamlash hamda jadidchilik harakatining jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini chuqur anglashga qaratildi.
Ma’rifat darsida jadid bobolarimiz — millat ravnaqi, ilm-ma’rifat va erkin tafakkur yo‘lida fidokorona kurash olib borgan buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyati, ularning ilm-fan, ta’lim, matbuot hamda ijtimoiy-siyosiy sohalardagi xizmatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Xususan, jadidlarning zamonaviy maktablar tashkil etish, milliy uyg‘onish g‘oyalarini targ‘ib qilish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi sa’y-harakatlari muhim misollar asosida yoritib berildi.
Tadbirlar ochiq muloqot tashkil etilib, jadidchilik g‘oyalarining bugungi kunda ham dolzarbligi, ularning ilmga, taraqqiyotga va erkin fikrga bo‘lgan munosabati muhokama qilindi. Shuningdek, jadid bobolarimizning boy merosi yoshlarni yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan va jamiyat taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan shaxslar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.