“LIDER QIZLAR AKADEMIYASI” OCHILISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI
Payshanba — “Yoshlar kuni” munosabati bilan talaba-yoshlarning sifatli bilim olishini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur tashabbuslar doirasida yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda zamonaviy ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida yoshlarning liderlik salohiyatini rivojlantirish, faol va tashabbuskor qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Lider qizlar akademiyasi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur akademiya ijtimoiy faolligi yuqori, o‘z ustida ishlashga intiluvchi hamda kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladigan yetuk shaxslarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan yangi platforma sifatida yo‘lga qo‘yildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan akademiyaning asosiy maqsad va vazifalari, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ushbu tashabbusning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, akademiya doirasida qizlar uchun liderlik va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamoa bilan ishlash, omma oldida nutq so‘zlash, shuningdek, innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli trening va master-klasslar tashkil etiladi.
Akademiyaga saralangan ishtirokchilar bilan tanishtirilib, ularning kelgusidagi faoliyati bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Ushbu platforma orqali yosh qizlarning shaxsiy rivoji, ijtimoiy faolligi va yetakchilik qobiliyatlarini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
“Lider qizlar akademiyasi” nafaqat bilim va ko‘nikmalarni oshirish maydoni, balki yangi g‘oyalar, tashabbuslar va muvaffaqiyat sari mustahkam qadamlar qo‘yiladigan muhit sifatida o‘z faoliyatini boshladi.