XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI
Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar, dilbar qizlar!
Avvalo, sizlarni, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti jamoasidagi barcha ayol-qizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayol – mehr va sadoqat timsoli, oila va jamiyat tayanchi, kelajak avlodni tarbiyalaydigan buyuk kuchdir.
Bugun Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, ayollarimiz tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi sifatida mamlakatimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar, minglab fermer ayollar va olima xotin-qizlar faoliyat yuritayotgani, qizlarimizning ilm-fan, sport va innovatsiya sohalarida erishayotgan yutuqlari barchamizni quvontiradi.
Bu jarayonlar, albatta, oliy ta’lim tizimida ham o‘z aksini topmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etayotgani xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi va intilishi tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida ham ayol-qizlarning o‘rni alohida e’tirofga loyiqdir. Institutimizda faoliyat yuritayotgan fidoyi ustoz ayollar, mas’uliyatli xodimalar hamda bilimga chanqoq talaba-qizlarimiz ta’lim va ilm-fan rivojiga, yengil sanoat hamda to‘qimachilik sohalari uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Sizlar nafaqat bilim beruvchi ustoz, balki yosh avlod uchun mehribon murabbiy, ma’naviy tayanch, yuksak fazilatlar timsolisiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, bilim va salohiyatingiz institutimiz nufuzi va salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda yosh qizlarning ilm-fan, innovatsiya, startap loyihalari va zamonaviy texnologiyalarni egallashga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani kelajagimiz uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Aziz opa-singillar!
Sizlar xonadonlarimizning fayzi, jamiyatimizning ma’naviy tayanchi, yosh avlodni komil inson etib tarbiyalaydigan buyuk kuchsiz. Mehr-oqibat, sabr-toqat, or-nomus va andisha kabi yuksak fazilatlar avvalo sizlarning timsolingizda namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida inson qadri va inson baxti ustuvor maqsad sifatida e’tirof etilmoqda. Bu ezgu yo‘lda ayollarimizning o‘rni va hissasi beqiyosdir.
Fursatdan foydalanib, institutimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha ustoz va xodima ayollarimizga, faol va iqtidorli talaba-qizlarimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Yana bir bor sizlarni kirib kelayotgan go‘zallik va nafosat bayrami bilan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Davron Vaxabov-Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori