Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti «Yashil transformatsiya va sanoat xavfsizligi» kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda ekovolontyor talabalar ishtirokida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash va institut hududida ekologik barqaror muhitni shakllantirishga qaratilgan amaliy ekologik tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularni atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb etish, yashil hududlarni asrash, obodonlashtirish hamda ekologik tozalikni ta’minlash borasida amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida kafedra professor-o‘qituvchilari va ekovolontyor talabalar tomonidan institut hududi, yashil maydonlar hamda daraxtlar atrofi tartibga keltirildi. Hududdagi maishiy chiqindilar yig‘ishtirilib, belgilangan joylarga joylashtirildi. Daraxt va manzarali o‘simliklar atrofi begona o‘tlardan tozalandi, yashil hududlarni saqlash va parvarishlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni saralash, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari tashkil etildi.
Tadbir jarayonida ekovolontyor talabalar faol ishtirok etib, o‘z tengdoshlari orasida ekologik mas’uliyatni oshirish, tabiatga mehr va ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish bo‘yicha tashabbuslar bildirdilar.