Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Registrator ofisi faoliyati o‘rganildi
2025-yil 15-iyul kuni Urganch davlat universiteti Registrator ofisi boshlig‘i Quryozov Izzatbek Rajabovich rahbarligidagi ishchi guruh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — institutda tashkil etilgan Registrator ofisi faoliyati, uning tashkiliy-me’yoriy asoslari va talabalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Ishchi guruh a’zolari institutdagi Registrator ofisining kundalik faoliyati, hujjatlar bilan ishlash tizimi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish holati, o‘qish jarayonini boshqarish va talabalarni baholashning zamonaviy mexanizmlarini chuqur o‘rgandilar. Xususan, elektron hujjat aylanishi, kredit-modul tizimi asosida olib borilayotgan baholash usullari, shuningdek, talabalar murojaatlarini qabul qilish va tezkor hal etish amaliyotlari katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, ofisda yaratilgan texnik va dasturiy sharoitlar, xizmat ko‘rsatishdagi shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar, mavjud ichki me’yoriy hujjatlar bilan ham tanishildi. Bu esa boshqa universitet va institutlarda ham shunday ilg‘or tajribalarni joriy etish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tashrif yakunida ishchi guruh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida talabalarga qulay, ochiq va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Ishchi guruh a’zolari ushbu ilg‘or tajribalarni boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham keng joriy etish zarurligini qayd etib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib oldilar.